Qayd etilganidek, keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar tufayli odil sudlov sohasida katta oʻzgarishlar yuz berdi.
Muhim islohotlardan biri bu ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan yangi sud tizimining shakllantirilishi, yaʼni maʼmuriy sudlarni tashkil etish boʻldi.
Ushbu sudlarning asosiy vazifalari sifatida davlat organlarining noqonuniy qarorlari va mansabdor shaxslarning harakatidan (harakatsizlik) shaxsni ishonchli himoya qilish belgilandi.
Natijada aholi manfaatlariga zarar yetkazayotgan minglab gʻayriqonuniy hujjatlar bekor qilindi.
Davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlari va erkinliklari maʼmuriy sudlarda tiklandi.
Misol uchun, 2017-2024-yillarda maʼmuriy sudlar tomonidan 102 mingdan ortiq ishlar koʻrilgan boʻlsa, shunda ularga kiritilgan arizalarning 61 mingga yaqini yoki 60 foizi qanoatlantirilgan.
Oʻtgan yilning oʻzida ushbu koʻrsatkich 41 foizni tashkil etib, 15 mingdan ortiq ishlardan 7 mingga yaqin talablar qanoatlantirilgan.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, keyingi 8-yilda maʼmuriy sudlar faoliyatini takomillashtirish boʻyicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, maʼmuriy sudlar sohasiga fuqarolarning huquq va erkinliklarini yanada ishonchli himoya qilishga qaratilgan yangi institutlar kiritildi.
Xususan, maʼmuriy sud ishlarini “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida olib borilishi belgilandi, shuningdek huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subyektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bogʻlanishda boʻlgan zararni undirish talabi bilan maʼmuriy sudga murojaat qilish huquqi taqdim etildi.
Yana bir muhim islohotlardan biri – maʼmuriy sudlarning qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarini qoʻllash, takroran ijro qilinmaganligi uchun sud jarimasini oshirilgan miqdorda qoʻllash qoidasi belgilanganligi boʻldi.
Shu bilan birga, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar boʻyicha taraflar oʻrtasida kelishuvga erishish mexanizmlari joriy qilindi.
Ushbu islohot tufayli taraflarga nizoni ortiqcha vaqt va xarajatlarsiz tinch yoʻl bilan hal etish imkoniyati taqdim etildi.
Amalga oshirilgan salmoqli islohotlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilining 30-yanvarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Unga koʻra qarori, harakati (harakatsizlik) ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili sud majlisida majburiy ishtirok etishini taʼminlash belgilandi.
Shuningdek, maʼmuriy sud ish yurituvida dastlabki eshituv institutlarini joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlanib, ushbu konsepsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha idoralararo komissiya tarkibi belgilandi.
Oʻtkazilgan yigʻilishda Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha idoralararo komissiyaning ish rejasi hamda vazifalari taqsimoti muhokama etilib, tasdiqlandi.








