Unga koʻra, hududlarda “Huquqiy maslahat” markazlari tashkil etiladi, deya xabar bermoqda federatsiya axborot xizmati.
Loyihadan koʻzlangan maqsad “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” gʻoyasini amalda roʻyobga chiqarish, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat ishlaridagi faolligini oshirish, mahalliy hokimliklar koʻmagida fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning yangicha mexanizmini joriy etishdan iborat. Loyiha doirasida bu yil respublikamizning barcha hududidan ikkitadan mahalla tanlanib, ularda “Huquqiy maslahat” markazlari tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Federatsiya raisi J.Sarimsoqov yaqinda Surxondaryo viloyatining Termiz shahri, Sherobod, Qiziriq, Angor, Muzrabot, Jarqoʻrgʻon, Shoʻrchi va Termiz tumani hokimlari bilan uchrashib, “Huquqiy maslahat” markazlarini tashkil etish boʻyicha fikr almashdi.
Markazda aholi muammolarini tizimli oʻrganish va ularning aniq hal etilishida davlat boshqaruvi va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy sheriklik asosida ishlashning yangicha tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Fuqarolarning qariyb barcha (savdo, gaz, elektr va suv taʼminoti, kommunal xoʻjalik, ekologiya, qurilish, kadastr, bandlik, ijtimoiy xizmatlar, sogʻliqni saqlash, taʼlim, xizmat koʻrsatish, transport, aloqa hamda boshqa) sohalarga doir murojaatlari mahallabay koʻrib chiqilishi uchun huquqiy maslahatlar beriladi. Shuningdek,mavjud muammolarni joyida hal etish imkonini yaratiladi.
Loyihani moliyalashtirishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri hududiy birlashmalari va ularning tuman (shahar) jamiyatlari mablagʻlari, shuningdek, homiylik mablagʻlari, mahalliy tadbirkorlar bilan ijtimoiy sheriklik asosida imzolangan (investor) shartnomalarda belgilangan mablagʻlar va boshqa manbalardan foydalanish koʻzda tutilgan.
Loyihani amaliyotga tatbiq etish orqali koʻzlangan natijaga erishilsa, kelgusida respublikaning 9440 ta mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Huquqiy maslahat” markazlari tashkil etiladi. Bu orqali 18 ming 880 ta ishchi oʻrni ochiladi.