Aholi murojaatlari bilan ishlash, fuqarolardan kelib tushgan har bir masalani oʻz vaqtida koʻrib chiqish va ijobiy yechim topish sektor rahbarlaridan alohida masʼuliyatni talab etadi. Bugungi kunda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyiliga asoslanib, ish olib borilmoqda. Fuqarodan murojaat kelib tushdimi, uning ijobiy yechimi albatta shu hudud aholisining foydasi uchun muhim hisoblanadi.
Beruniy tumani sektor rahbarlari tumandagi “Boʻston” MFY, “Yoshlik” aholi manzili hamda Navoiy OFY hududlarida aholi bilan uchrashib, muammolarini oʻrgandi. Ha demay oʻlkamizda qish eshik qoqmoqda. Bunday paytda tumandagi ijtimoiy soha obeʼktlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi holati, shuningdek, infratuzilma obyektlari boʻyicha oʻrganishlar olib borildi. Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar masʼul tashkilotlarga topshirildi hamda tez orada masalalar koʻrib chiqilib, ijobiy chora-tadbirlar koʻrilishi boʻyicha barcha imkoniyatlar ishga solinadigan boʻldi.
“Yoshlik” aholi manzili soʻnggi 3 yil ichida yangi uylar qurilishi hamda aholi sonining koʻchib kelishi natijasida bu yerda infratuzilma, yoʻl, elektr energiyasi, gaz, internet tarmogʻi, bolalar uchun maktabgacha taʼlim muassasasi hamda maktabga zarurat borligi doimiy masala boʻlib kelgan. Koʻpgina muammolar ijobiy hal qilinib, suyultirilgan gaz ballonlari fuqarolarga yetkazib berilgan boʻlsa, tosh-shagʻal aralashmasidan ichki koʻchalar taʼmirlandi, GPON texnologiyasi asosida zamonaviy internet tarmogʻi oʻtkazilmoqda, 2,5 kilometrga transheyalar qazilib, kabel tortish ishlari boshlab yuborildi.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri