Roʻyxatga olish itlarni dastlabki vaksinatsiya qilishda amalga oshiriladi. Itlarni roʻyxatga olishda itlarning egalariga belgilangan tartibda itlarni veterinariya pasporti beriladi.

Har yili qayta roʻyxatdan oʻtkazish itlarni takroran vaksinatsiya qilishda amalga oshiriladi. Bu haqda itlarni veterinariya pasportiga tegishli maʼlumotlar kiritiladi.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tegishli veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimlariga itlarni quturishga qarshi oʻz vaqtida vaksinatsiya qilish uchun itlarni saqlaydigan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni maʼlum qiladi.

Zotidan qatʼi nazar, 3 oylikdan boshlab itlar vaksinatsiya qilinishi kerak. Yangi sotib olingan itlar, agar ular vaksinatsiya qilingan muddat nomaʼlum boʻlsa, sotib olingandan keyin bir hafta muddatda vaksinatsiya qilinishi hamda veterinariya pasporti rasmiylashtirilishi va roʻyxatga olinishi kerak.

Itlarni roʻyxatga oladigan veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimlari:

— vaksinatsiya qilishda xarajatlar belgilangan tartibda qoplangan holda veterinariya pasportini va jeton shaklidagi roʻyxatga olish belgisini (itning boʻyinbogʻiga mahkamlanadi) yoki mikrochiplar (teri ostiga kiritiladi) berishga;
— itlarning egalarini ushbu Qoidalar bilan tanishtirishga majbur. Bu it egasining itni veterinariya pasportiga qoʻyiladigan imzosi bilan tasdiqlanishi kerak.

Koʻp qavatli uyning alohida kvartirasida qoʻshnilarning va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining roziligi bilan bittadan ortiq boʻlmagan itni va bitta mushukni saqlashga ruxsat beriladi.

Alohida uyda itlarni saqlashga faqat bogʻlangan holda, erkin sayr qildirishda — atrofi oʻralgan hududda ajratilgan holda saqlashga yoʻl qoʻyiladi.

Itlar ochiq joylarda sayr qildirilganda va turar joy binolarida itlarning egalari tinchlik saqlanishini taʼminlashlari — ertalab soat 8.00 gacha va kechqurun 22.00 dan keyin itlarning vovillashining oldini olishlari kerak.

It ochiq joylarda sayr qildirilganda u tumshuqbogʻda va 2 metrgacha uzunlikdagi yetovda, jamoat joylarida 1 metrgacha uzunlikdagi yetovda boʻlishi kerak, tumshuqbogʻsiz va yetovsiz faqat maxsus ajratilgan maydonlarda sayr qildirishga ruxsat beriladi.