Tanqidiy, tahliliy ruhda oʻtayotgan yigʻilishda davlatimiz rahbari sogʻliqni saqlash yoʻnalishi joriy etilgan yangi tizim boʻyicha tibbiy xarita shakllantirilgani, aholining xavf guruhlariga boʻlingani, mahallalar kesimida tibbiyot brigadalari shakllantirilib, aholi bilan manzilli ishlash usulining xalqimiz hayotidagi ahamiyati haqida soʻz yuritdi.
– Koʻpchilik rahbarlar bu vazifalarni toʻliq tushunib yetmayapti. Shuning uchun, oʻtgan 6 oyda Qoraqalpogʻiston, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlari hamda 37 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari ishdan olindi. Bugun ham masalaning ichiga kirmagan, dunyoqarashi oʻzgarmagan, ushbu savollarga javob bera olmagan soha va hudud rahbarlari ishdan olinadi, – dedi Prezidentimiz.
Yigʻilishda boshlangan islohotlarni jadallashtirish haqida aytildi. Tibbiyotdagi oʻzgarishlarni aholi koʻproq va tezroq sezishi uchun hozirgi ishlar ahvoli mutlaqo talabga javob bermasligi tanqid qilinib, bu sohada ham “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” kabi masalaning ichiga kirib, muntazam shugʻullanmasak, islohotlar natijasini xalqimiz sezmasligi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari viloyat, tuman va shahar hokimlari, hududiy tibbiyot boʻlinmalari rahbarlariga bir hafta muddatda aprel oyida va yil yakunigacha qiladigan ishlari boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqib, aniq rejalari bilan xalqqa maʼlumot berib, tizimda oʻzgarish qilish topshirigʻini berdi.
Shuningdek, sogʻliqni saqlash vaziri va oʻrinbosalari hududlarda qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosini oxiriga yetkazishga shaxsan masʼul etib tayinlandi.
Ular viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birgalikda 1-mayga qadar Sirdaryo viloyati hamda 26 ta tuman va shahar tajribasini mamlakatimizning barcha hududlarida boshlashga masʼul boʻladi.