Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ga Fargʻona viloyatidan fuqaro O.P. bir guruh mahalla fuqarolari nomidan avariya xavfi yuqori boʻlgan chorrahaga svetofor oʻrnatilishida amaliy yordam berilishini soʻrab murojaat qildi.
Bu haqda ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.
Murojaatchining qayd etishicha, Margʻilon shahridagi “Xoʻja porso” MFY idorasi, 4-oilaviy poliklinika va 10-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi yoʻl yoqasiga yaqin joylashgan.
Shu sababli mazkur hududdagi 7000 ming nafardan ortiq aholi, maktab oʻquvchilari va bemorlar katta yoʻl kesishmasidan oʻtishlariga toʻgʻri keladi.
Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, holat Fargʻona viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Margʻilon shahar hokimligi bilan hamkorlikda joyiga chiqib oʻrganildi.
Haqiqatdan ham mazkur chorrahada avtomobillar oqimi juda yuqori hamda poliklinika va maktab yoʻl yoqasiga yaqin joylashgani sababli hududdagi aholi yoʻl kesishmasidan oʻtishda koʻplab qiyinchiliklarga duch kelayotgani aniqlandi.
Ombudsmanning tegishli tashkilotlarga murojaatidan soʻng, Margʻilon shahar, Alisher Navoiy koʻchasidagi mazkur chorrahaga svetofor oʻrnatildi.