Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni jadallashtirish maqsadida, hamda joriy yil 7-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida oʻtkazilgan taqdimotda davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash borasida aholini kichik va oʻrta biznesga keng jalb qilishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.
Qarorning asosiy maqsadi – uning nomida koʻrsatilganidek – aholini kichik va oʻrta biznesga jalb qilishdir.
Hoʻsh ushbu maqsadlarga qanday erishiladi?
Mazkur qaror loyihasida aholini tadbirkorlikka jalb qilishning quyidagi tartibi belgilanmoqda:
a) kichik va oʻrta tadbirkorlarga “yagona darcha” tamoyili asosida moliyaviy xizmat koʻrsatish uchun kichik biznesga koʻmaklashish markazlari va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmalari binolariga joylashtirilmoqda;
b) Savdo-sanoat palatasi (D. Vahobov), Biznes-ombudsman (D. Qosimov), Mahallabay ishlash agentligi (M. Ubaydullayev) har hafta:
- mahallalarga chiqqan holda aholi va tadbirkorlarga kichik va oʻrta biznes uchun davlat tomonidan yaratilgan moliyaviy imkoniyatlarni tushuntirib boradi;
- kichik biznesga koʻmaklashish markazlarida aholi va tadbirkorlarni biznes koʻnikmalariga oʻqitadi;
- kichik biznesga koʻmaklashish markazlari va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi bilan birga salohiyatli tadbirkorlarni aniqlab, ularning loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashadi.
Shu bilan birgalikda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bir qator tashkilotlar bilan birgalikda bir hafta muddatda davlat dasturlarida nazarda tutilgan imkoniyatlar va ularda ishtirok etish shartlari toʻgʻrisida taqdimot materiallari va videoroliklardan iborat namunaviy qoʻllanmalar tayyorlab, Respublika komissiyasi aʼzolari va hududiy komissiyalarga yetkazilishi hamda elektron platformalarda joylashtirilishi yuklatilgan