Qarorga koʻra, “Online mahalla” platformasida dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqasidagi mavjud yer maydonlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar onlayn rejimda shakllantiriladi.
2025-yil 1-iyungacha aholi tomorqalarining yer maydonlari toʻliq xatlovdan oʻtkazilishi yakunlanib, ularning alohida hisobi yuritiladi.
Shuningdek, namunali mahallalar joylashadigan tuman (shahar)lardagi aholi tomorqalari va ijaraga berilgan yer maydonlarining 75 foizi bosqichma-bosqich bir xil turdagi yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirish uchun qamrab olinadi.
2025-yil 10-aprelgacha ekiladigan ekin turlari va mahsulotlarni yetishtirish reja grafigi tasdiqlanadi.
2025-yil 20-aprelgacha aholi tomorqasi va ijara asosida ajratilgan yer maydonlarida yetakchi tadbirkorlar yordamida yuqori daromadli, sifatli urugʻ va koʻchatlarni tizimli yetkazib berish, ekish va har bir tomorqadan samarali foydalanish tashkil etiladi.
2025-yil 1-maygacha mahallalarda amalga oshiriladigan “yashil” va resurs tejamkor loyihalarning manzilli roʻyxati shakllantiriladi.
Bundan tashqari, “bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida yengil konstruksiyali issiqxona, intensiv bogʻ, tokzor, anorzor, gulchilik va koʻchatchilik plantatsiyalarini yaratish hamda rezavor meva yetishtirish boʻyicha yuqori daromadli va eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi.