Bu yerda 140 turdagi xizmat koʻrsatish uchun barcha sharoit yaratilgan. Yuqori tezlikda internet, zamonaviy texnikalar fuqarolarga tez, shaffof va qulay davlat xizmatlarini taqdim etishga moʻljallangan. Joriy yil fevralda foydalanishga topshirilgan ushbu muassasada shu paytga qadar 300 mingdan ziyod davlat xizmatlari koʻrsatilgan. Shundan 2 mingga yaqini filiallar orqali, mingga yaqini esa sayyor tarzda amalga oshirildi. Markaz binosida Prezidentning Xalq qabulxonasi va Bosh vazir qabulxonasi ham joylashgan.
Qayd etish joizki, Prezidentimizning 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan faoliyati yoʻlga qoʻyilgan davlat xizmatlari markazlarida ilk kunlarda 33 turdagi xizmatlar koʻrsatilgan boʻlsa, bugungi kunda ular soni 148 tadan ortdi.
Markazlar orqali davlat xizmatlarini qabul qilishga boʻlgan talabni hisobga olgan holda 2020-yil yakuniga qadar koʻrsatiladigan xizmatlar sonini yana 20 dan ortiqqa koʻpaytirish rejalashtirilmoqda.
– Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoitlar bilan tanishib, xizmatlar koʻlami bilan qiziqdi. Odamlar talabidan kelib chiqib, yangi xizmat turlarini yoʻlga qoʻyish, mahallalar bilan onlayn bogʻlanib, aholiga qulaylik yaratish boʻyicha topshiriqlar berdi, – deydi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori Ulugʻbek Muxammadiyev. – Bunday markazlarda koʻrsatilayotgan xizmatlardan odamlarning xabardorligini oshirib, keng foydalanishga oʻrgatish muhimligini taʼkidladi.
Taʼkidlash joizki oʻtgan davr mobaynida agentlik tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasiga doir 16 dan ortiq qonun hujjati ishlab chiqildi, ayrim xizmatlar soddalashtirildi. Bu yerda tashrif buyuruvchilar uchun qulay kutish joylari, qariyalar va nogironlar uchun maxsus oʻrindiqlar, ona va bola xonalari kabi qoʻshimcha qulayliklar yaratilgan. Hududlarda foydalanishga topshirilayotgan markazlarining yangi binolari mahalliy byudjet mablagʻlari va davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha qurilmoqda. Ular anʼanaviy arxitektura va milliy meʼmoriy yechim, zamonaviy dizayn talablari asosida barpo etilayotir. Shuningdek, barcha markazlar optik tolali kabellar bilan toʻliq taʼminlanib, yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulandi. Buning natijasida xizmatlarni koʻrsatish muddati qisqartirildi, idoralararo integratsiyani yoʻlga qoʻyish orqali murojaat qiluvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar soni keskin kamaytirildi hamda xizmat koʻrsatish jarayoni optimallashtirildi.
Shu bilan birga xizmat koʻrsatuvchi organlar faoliyatini nomarkazlashtirish, yaʼni xizmat koʻrsatish vakolatini yuqori turuvchi organdan quyi tuzilmalarga oʻtkazish orqali xizmatning tezkorligi va manzilliligi taʼminlandi.
Qarshi shahrida foydalanishga topshirilgan Davlat xizmatlari agentligining yangi binosi bu boradagi barcha talablarga javob beradi.
Tizimda kechayotgan ulkan ijobiy oʻzgarishlarning barchasi xalqimizning oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashi uchun qilinayotgan saʼy-harakatlarning bir boʻlagidir.
Lutfulla Suvonov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri