Aholiga jarimalarni toʻlashda qoʻshimcha yengilliklar yaratiladi

    Ijtimoiy hayot 7 Aprel 2023 2013

    Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Maʼmuriy jarimalarni toʻlashda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 3321-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida”gi Qonun muhokama etildi.

    Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda sud hujjatlarini va boshqa organlarning hujjatlarini ijro etishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilyapti.

    Xususan, bundan 3 yil avval 15 kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy ravishda toʻlagan taqdirda, jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod etilishiga oid soddalashtirilgan tartibning amalga kiritilishi oʻzining ijobiy samarasini koʻrsatdi.

    Biroq ushbu soddalashtirilgan tartibning sud tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga nisbatan tatbiq etilmasligi, shuningdek, amalda ayrim maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun belgilangan jarima miqdorining yuqoriligi fuqarolarga iqtisodiy tomondan qiyinchiliklar tugʻdirib kelayotgan edi. Bu esa, oʻz navbatida, maʼmuriy jarimalarni ixtiyoriy ravishda toʻlashda qiyinchiliklar keltirib chiqarayotgan edi.

    Ushbu Qonun bilan huquqbuzar unga jarima solish toʻgʻrisidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini, 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy ravishda toʻlasa jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod qilinishi belgilanadi.

    Eng asosiysi, mazkur tartib endilikda sud qarorlariga asosan qoʻllaniladigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etilishining koʻzda tutilayotganligi alohida qayd etildi.

    Senatorlar mazkur Qonunning qabul qilinishi natijasida maʼmuriy jarimalarni toʻlashda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish hamda ularning jarima yukini yanada kamaytirish orqali pul mablagʻlarining iqtisod qilinishiga va jarimalarni ijro etish tizimini yanada soddalashtirishga erishilishini taʼkidlab oʻtdilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.