Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasi huquqiy jihatdan tartibga solinmoqda

    Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida “Aholiga psixologik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Qonun bilan aholiga psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy prinsiplari, vazifalari, turlari, shakllari hamda standartlari belgilanmoqda.

    Qonunda psixologik yordam ko‘rsatish standartlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi hamda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs rahbari psixologiya sohasida oliy maʼlumotga ega bo‘lishi kerakligi nazarda tutilmoqda.

    Psixologik yordam ko‘rsatish sohasi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilash, bepul psixologik yordam ko‘rsatiladigan shaxslar toifalarini aniqlashtirish, aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi professional uyushmalari faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish ko‘zda tutilyapti.

    Shuningdek, psixologiya yo‘nalishidan boshqa oliy maʼlumotga ega bo‘lgan shaxslar xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanishdan avval psixologiya mutaxassisligi uchun qayta tayyorlovdan o‘tishi kerakligi belgilanmoqda.

    Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks psixologik yordamni bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatish yoxud aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaslik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimcha normalar bilan to‘ldirilmoqda.

    Mazkur Qonunning qabul qilinishi aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasining huquqiy asoslarini yaratilishi, fuqarolarning psixologik yordam olishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, xususiy tarzda amaliyot olib borayotgan psixologlar faoliyatini qonuniy amalga oshirilishini taʼminlashga xizmat qiladi.