Aholiga sifatsiz benzin mahsulotlarini sotgan 7 ta AYOQSHlarga nisbatan chora koʻrildi

    Dolzarb 29 Fevral 2024 484

    Mazkur AYOQSHlardan namunaga olingan AI-92 benzinining tarkibidagi Oktan 90ga ham yetmagan.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi “Oʻzenergoinspeksiya” Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi bilan hamkorlikda aholini sifatli benzin mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida joylarda yoqilgʻi mahsulotlarining sifatini oʻrganish boʻyicha nazorat tadbirlarini oʻtkazdi.

    Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida ish yurituvchi “RAFS” SICHK, “RUXSHONA HAMID” MCHJ, “SUVINSHOATGAZQURILISH” XK, “IMKON-XAMKOR” XK, “RUSLAN” FX, “TOʻRTKOʻLLI BUNYOD OIL” MCHJ hamda “GULNORA GAZ SERVIS” MCHJlarga qarashli AYOQSHlarda oʻrganishlar oʻtkazildi.

    Ushbu yonilgʻi quyish shoxobchalaridan benzin mahsulotlari xarid qilinib, belgilangan tartibda tegishli laboratoriyalarga taqdim etildi. Laboratoriya tahlillari 7 ta xizmat koʻrsatuvchi shoxobchaning benzin mahsulotlarini sifatsizligi boʻyicha oʻz xulosasini bergan.

    Mazkur xulosaga koʻra yonilgʻi quyish shoxobchalaridan namuna olingan AI-92 benzinning tarkibidagi Oktanning normativ hujjat talabiga koʻra 92,0 boʻlishi kerakligi, lekin tekshirish natijasida ushbu koʻrsatkich shoxobchalardan olingan namuna yoqilgʻi mahsulotlarida 90 ga ham yetmaganligi, OʻzDst 3031:2015 1-1-bandi talabiga javob bermasligi xulosa qilingan.

    Qoʻmita tomonidan olib borilgan oʻrganishlarda AYOQSHlar tomonidan 2023-yil AI-92 markali sifatsiz jami 26 ming litrdan ziyod avtobenzin sotilganligi, buning natijasida isteʼmolchilarga jami 277 mln soʻm zarar yetkazilganligi aniqlandi.

    Oʻtkazilgan tekshirish natijalari boʻyicha Qoʻmitaning maxsus komissiyasi tomonidan yuqorida koʻrsatilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining tegishli moddasi talabi buzilishi holatlari boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, qaror, koʻrsatmalar berildi.