Aholini doimiy ro'yxatga olish bo'yicha Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi

    Ijtimoiy hayot 25 May 2020 4273

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo'yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qabul qildi. Uning doirasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 2020 yil 1 sentyabrdan e'tiboran fuqarolarni doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo'yicha ro'yxatga olish yuzasidan qator yangi tartiblar kuchga kiradi.

    Xususan, qaror bilan:

    – O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo'yicha ro'yxatdan o'tmasdan istiqomat qilish muddati 15 kun etib belgilandi;

    – doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi bo'yicha ro'yxatga olish bir kun ichida rasmiylashtiriladi;

    – O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash joyi bo'yicha ro'yxatga olishda avvalgi doimiy yashash joyidan ro'yxatdan chiqish tartibi bekor qilinadi;

    – O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining doimiy yashash joyi bo'yicha ro'yxatga olinishini rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga ro'yxatga olish shtampini bosish amaliyoti bekor qilinadi;

    – harbiy xizmatga majburlarni doimiy yashash joyi bo'yicha ro'yxatga olishda mudofaa ishlari bo'limlariga harbiy hisobdan chiqish va harbiy hisobga turish uchun borish tartibi bekor qilinadi;

    – O'zbekiston Respublikasi fuqarosi soliq organlarida hisobga olingan ijara shartnomasi haqida ma'lumot taqdim etganda, uni vaqtincha turgan joyi bo'yicha ro'yxatga olishda uy-joy egasining roziligi talab etilmaydi.