Aholini ijtimoiy sugʻurtalash tizimini joriy etilishi mumkin

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining shu yilning 30-iyul kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishida "Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqilib, qabul qilindi.

    Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi maʼlum qildi.

    Qonun loyihasi bilan davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlanadigan quyidagi nafaqalar turlari belgilanmoqda:

    — kasallik — ishchilarning betobligi sababli mehnatga layoqatsizligi davri uchun toʻlanadigan nafaqa;

    — "dekret" — ayollarning tugʻruqqacha va tugʻruqdan keyingi davri uchun toʻlanadigan nafaqa;

    — ishdan boʻshatish nafaqasi — fuqarolarning vaqtincha ishsizligi davrida toʻlanadigan nafaqa.

    Shuningdek, qonun loyihasida Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tomonidan aholini sugʻurtalash tizimi joriy etilishi belgilanmoqda. Inson hayoti va faoliyati davomida vaqtincha mehnat qobiliyatini yoʻqotganida (oʻzi yoki farzandi kasal boʻlganida, qisqa davolanishda, tugʻruq davrida) yoki ishsiz qolganida ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi hisobidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanadi.

    Qonun loyihasi bilan mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshirilishi belgilanmoqda:

    Birinchi bosqichda: 2025-yil 1-iyuldan boshlab barcha sugʻurtalangan ayollarga, ularning bandlik va mehnat faoliyati turi, sugʻurtalash manbasidan qatʼi nazar, homiladorlik va tugʻish nafaqasi toʻlab beriladi;

    Ikkinchi bosqichda: 2026-yil 1-yanvardan barcha sugʻurtalangan jismoniy shaxslarga, ularning bandlik va mehnat faoliyati turi, sugʻurtalash manbasidan qatʼi nazar, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi toʻlab beriladi;

    Uchinchi bosqichda: Prezident qarorlariga asosan sugʻurtalangan shaxslarga ishsizlik nafaqasi va boshqa turdagi toʻlovlar joriy etilishi koʻzda tutilmoqda.

    Shuningdek, deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi faoliyat turidan qatʼi nazar, ishlayotgan xodimlarga vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, homiladorlik va tugʻish nafaqasi hamda ishdan boʻshatish nafaqasini toʻliq toʻlanishiga, ijtimoiy faol aholining kambagʻal oilalar toifasiga tushib qolishining oldini olishga xizmat qiladi.

    Yigʻilish davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, uni yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish boʻyicha qator takliflarni ilgari surdi.