Loyiha bilan
- fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yoʻl qoʻyilmaydigan vaqtlar oraligʻini amaldagi yetti soatdan (soat 23.00 dan 06.00 gacha) sakkiz soatga (soat 23.00 dan 07.00 gacha),
- dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari esa soat 22.00 dan 09.00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻiga oʻzgartirish taklif etilmoqda.
Ushbu vaqt oraligʻida fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, aholi istiqomat qiladigan koʻp kvartirali uylarda shovqining yoʻl qoʻyiladigan darajasidan oshadigan qurilish va taʼmirlash ishlarini ish kunlari soat 09.00 dan 18.00 gacha amalga oshirish mumkinligi belgilab qoʻyilmoqda.
Shovqinning zararli taʼsiri natijasida yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya sud tartibida undirilishi, kompensatsiya toʻlash shovqinning zararli taʼsirining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni bajarishdan ozod etmasligi, shovqinning yoʻl qoʻyiladigan darajasidan yuqori boʻlgan mehnat sharoitlaridagi ishlarda band boʻlgan xodimlarning mehnati uchun mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka asosan oshirilgan miqdorda haq toʻlanishi belgilanmoqda.
Fuqarolarning osoyishtaligini va normal dam olishini buzishga yoʻl qoʻyilmaydigan vaqt oraligʻida belgilangan normadan ortiq shovqinga muntazam ravishda yoʻl qoʻyayotgan obyektlar faoliyatini toʻxtatib turish mexanizmi aniqlashtirilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi aholining salomatligi va osoyishtaligini har qanday zararli shovqinlar taʼsiridan himoya qilish borasida samarali huquqiy mexanizmlarni yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.








