Aholini uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi

    Hukumat 21 May 2020 2124

    Davlatimiz rahbari bundan roppa-rosa ikki yil muqaddam – 2018-yil 20-may kuni Andijon shahridagi yangi uy-joylarni koʻrgan edi. Mazkur hududda bu masala dolzarb ekanini inobatga olib, qoʻshimcha turar joylar qurish boʻyicha topshiriq bergandi. Shu asosida shaharda yigirmata 7 qavatli, ikkita 16 qavatli uy barpo etildi.

    Prezidentimiz ushbu mavzeni borib koʻrdi. Xonadonlardan birida boʻlib, oila bilan suhbatlashdi.

    Uylar jahon standartlari asosida yaxlit temirbetondan zilzilaga bardoshli qilib qurilgan. Binoning tashqi devorlari energotejamkor bazalt materiali bilan qoplangan. Internet tarmogʻi, videokuzatuv uskunalari oʻrnatilgan. Jihozlash ishlari mart oyida yakunlanib, aholiga tayyor holda topshirildi.

    Mazkur uylar hovlisida dam olish va sport maydonchalari, bolalar oʻyingohlari, avtoturargoh barpo etilgan.

    Maʼlumki, Andijon aholi zichligi eng yuqori hududlardan biri. Bu yangi uylarda shuncha maydondagi boshqa loyihalarga nisbatan 2 barobar koʻp xonadonlar joylashgani mahalliy sharoit uchun juda muhim. Shu bois xonadonlarning narxi ham xamyonbop.

    Aholini turar joylar bilan taʼminlashni izchil davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

    – Kambagʻallikdan chiqishning eng asosiy zamini – uy-joy. Odamlarning boshpanasi boʻlsa, oʻzi harakat qilib, roʻzgʻorini oyoqqa qoʻyib oladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Tumanlardagi aholi zich joylarga ham kommunikatsiya olib borib, barcha sharoitlarga ega koʻp qavatli uylar qurish, zamonaviy qishloqlar bunyod etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.