Aholining media savodxonligi oshirish UNESCO ishtirokida davom ettiriladi

    Raqamlashtirish 3 Mart 2023 938

    Joriy yil 2-martda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov UNESCOning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari va YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakili Sara Noshadi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuv davomida aholi orasida media savodxonlikni oshirish va bu boʻyicha maxsus treninglar tashkil etish, hunarmandlik bilan shugʻullanayotgan ayollarni qoʻllab-quvvatlagan holda ular uchun maxsus Workshoplar oʻtkazish masalalari muhokama etildi.

    Shu bilan bir qatorda, Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan Foreign Languages telekanalini IT sohasiga oid kontentlar bilan boyitish boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish va bu orqali chekka hududlarda istiqomat qiladigan yoshlarni ITga qiziqtirish, IT taʼlim yoʻnalishida keng qamrovli ishlarni amalga oshirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

    Oʻz navbatida, Oʻzbekistonni xalqaro maydonda mintaqaviy IT xab sifatida tanitish boʻyicha fikrlar almashildi.

    UNESCO Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar yuqori darajada ekanligini qayt etib, raqamlashtirish yoʻnalishida hamkorlikda loyihalarni davom ettirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati.