Aholining muammolari oʻrganilib, davlat xizmatlari koʻrsatildi

    Ijtimoiy hayot 16 Noyabr 2021 949

    Taxtakoʻpir tuman markazidan 150 kilometr uzoqda, Qozogʻiston Respublikasi chegarasida joylashgan “Qostruba” mahalla fuqarolar yigʻinida 101ta xonadonda 492 nafar aholi istiqomat qiladi.

    Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Xalq qabulxonasi tomonidan ushbu hududda yashovchi fuqarolar holidan xabar olinib, sayyor davlat xizmatlari koʻrsatildi.

    Bugungi kunda mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi 23-umumtaʼlim maktabida 36 nafar oʻquvchi taʼlim oladi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor Perdesh Ismaylova tomonidan tashkil qilingan oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida 15 nafar bolajon taʼlim-tarbiya oladi.

    Ushbu hududda yashovchi fuqarolarning olisini yaqin qilish maqsadida tashkil etilgan tadbir doirasida Taxtakoʻpir tumani Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan fuqarolarga turar joylarining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish hamda turar joylarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha sayyor davlat xizmatlari koʻrsatildi. Jumladan, fuqaro Roza Qoraqulova tuman markazidan olis hududda joylashganligi va borib kelishga imkoniyati yoʻqligi sababli ancha vaqtdan buyon kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda qiynalib yurgan edi. Natijada ushbu fuqaroning kadastr pasporti shu yerning oʻzida rasmiylashtirib berildi.

    Tadbir davomida ushbu hududda joylashgan oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanayotgan bolalarga Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasining sovgʻalari topshirildi. Hudud aholisiga Davlat xizmatlari markazlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmat turlari, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda sohaga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi.

    Davlat xizmatlari agentligi

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi

    matbuot xizmati.