Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi.
Poytaxtning Shayhxontohur tumanida 2024-yil 31-oktyabrda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan Halal Auto Leasing Company MCHJ fuqarolarga bir necha turdagi avtomobillarni boshlangʻich 20 foizlik toʻlov, yillik 7 foizlik ustama va 1-yildan 5-yilgacha boʻlib toʻlash sharti bilan olib berilishni vaʼda qilgan.
IIV Tergov departamenti tomonidan ushbu MCHJ moliyaviy-xoʻjalik faoliyati oʻrganilganda nizom jamgʻarmasi 10 milliard soʻm qilib belgilab olingani, vaholanki, ushbu nizom jamgʻarmasi jamiyat taʼsischilari tomonidan shakllantirilmagani aniqlangan.
Bundan tashqari, jamiyat tomonidan 52 nafar shaxs bilan avtotransport vositalari yetkazib berish boʻyicha shartnomalar tuzilgan. Ushbu shartnomalar asosida 1,7 milliard soʻm pul mablagʻlari jamiyat hisob raqamiga kirim boʻlgan. Mazkur pul mablagʻlari plastik kartalarga oʻtkazish yoʻli bilan naqdlashtirib yuborilgan.
Fuqarolardan jalb qilingan pul mablagʻlari hisobidan avtotransport vositalarini ishlab chiqaruvchi yoki yetkazib beruvchi dilerlik korxona va tashkilotlar bilan shartnoma tuzilmagani hamda avtotransport vositalarini xarid qilish bilan bogʻliq operatsiyalar amalga oshirilmagani aniqlangan.
IIV Tergov departamenti tomonidan mazkur jamiyatga nisbatan 2-dekabr kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi (juda koʻp miqdorda firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va uning faoliyati toʻxtatilgan.
Mazkur jinoyat ishi boʻyicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida jamiyat rahbari Yoʻldoshev va uning sherigi Mamajonovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan.
Bugungi kunda 1,7 milliard soʻmning sarflanishini oʻrganish maqsadida jamiyatning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati yuzasidan hujjatli taftish tayinlangan.
«Halal Auto Leasing Company MCHJga avtotransport vositasi uchun toʻlovni amalga oshirgan va jamiyatning faoliyatidan jabr koʻrgan fuqarolar Tergov departamentiga murojaat qilishlarini soʻramiz», deyiladi IIV xabarida.