AI-80-markali avtobenzinni sotuvga chiqarmasdan oʻzida saqlab turgan AYOQSHlarga chora koʻrildi

    Ayni kunlarda hududlarda AI-80-markali avtobenzinga talab oshishi natijasida koʻplab AYOQSHlarda navbatlar koʻpaygan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan neft mahsulotlarini yetkazib berish va ularning sotuvga chiqarilishi yuzasidan AYOQSHlarda nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.

    Xususan, Andijon viloyatidagi “N.P.”, “N.O.”, “L.G.”, “S.O.” va “Sh.A.O.” MCHJlarga qarashli avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalarida birja savdolarida xarid qilingan AI-80-markali avtobenzin hech qanday sabablarsiz sotuvga chiqarmasdan saqlab turish hamda faoliyat koʻrsatmayotgan shoxobchalarga yoʻnaltirish kabi holatlar aniqlandi.

    Mazkur holatlar yuzasidan qoidabuzarlikka yoʻl qoʻygan ushbu AYOQSHlar birja savdolarida ishtirok etishi vaqtincha toʻxtatildi.