Airbus kompaniyasi Oʻzbekiston uchun uchuvchilar tayyorlashi mumkin

    Toshkent davlat transport universiteti hamda “Airbus” kompaniyasi oʻrtasida uchuvchilarni tayyorlashga oid maxsus dastur ishlab chiqilishi boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

    Qayd etilishicha, 2025-yil 28-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va “Airbus” kompaniyasining Yevropa boʻyicha prezidenti Yoxan Pelissi oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Tomonlar Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, Oʻzbekiston havo kemalari parkini modernizatsiya qilish va kengaytirish orqali turistik oqimni oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, Toshkent davlat transport universiteti hamda “Airbus” kompaniyasi oʻrtasida uchuvchilarni tayyorlashga oid maxsus dastur ishlab chiqilishi boʻyicha kelishuvga erishildi.