Airbus Helicopters kompaniyasidan vertolyotlar sotib olinadi

    Transport vaziri oʻrinbosari Jasurbek Choriyev hamda Airbus International kompaniyasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse prezidenti Jak Garrig oʻrtasida boʻlib oʻtgan muzokaralarda fransuz kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalarining hozirgi holati va istiqbolli rejalar muhokama etildi.

    Xususan, Airbus Helicopters kompaniyasidan vertolyotlar sotib olish, ushbu havo transport turida qatnovlarni yoʻlga qoʻyish orqali mazkur yoʻnalishda Markaziy Osiyo mintaqasi bozorida yetakchi ishtirokchiga aylanish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

    Ushbu yoʻnalishni rivojlantirishda xorijiy davlatlarning vertolyotlar ekspluatatsiyasi va uchuvchilar uchun treninglar oʻtkazish boʻyicha tajribalarini oʻrganish masalalari muhokama qilindi.

    Shuningdek, Airbus International kompaniyasi vakillari aeroportlarni boshqarish sohasida ham hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish yuzasidan oʻz takliflarini bildirishdi. Uchrashuv davomida fransuz tomoni joriy yilning may oyida Fransiya savdo vazirining Oʻzbekistonga kelishi rejalashtirilayotganini maʼlum qildi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar muzokaralarda koʻtarilgan masalalar yuzasidan maʼlumotlar almashish va istiqbolda hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib olishdi.