Ajdodlarga munosib avlod boʻlish masʼuliyati

    Oʻqituvchi — qalb meʼmori. Muallimlarga eʼtibor butun millatga, xalqqa eʼtibordir. Ular taʼlim sifatini oshirishda eng muhim vazifani bajaradi.

    Prezidentimiz taʼkidlaganidek, hozir mamlakatimiz oldida ijtimoiy davlat tuzish maqsadi turibdi. Ijtimoiy davlat, eng avvalo, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun teng imkoniyat, odamlarning munosib hayot kechirishiga zarur sharoit yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, demakdir. Shu bois, birinchi navbatda, eʼtibor Yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya boʻlgan taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga karatilyapti.

    Tarixdan maʼlumki, maʼrifat va maʼnaviyat uchun qanchadan-qancha kurashlar boʻlgan. Xususan, buyuk jadid bobolarimiz yangi usuldagi maktablarga asos solgan. Jumladan, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy bu borada koʻp ishlarni qilgan. Ularga munosib avlod boʻlishimiz uchun koʻp ilm olishimiz kerak.

    Murojaatnomada taʼlim sifatini oshirish uchun oʻqituvchining qadr-qimmati, shaʼni va obroʻsini konstitutsiyada alohida belgilash zarurligi ham aytildi.

    Taʼlim jarayoni samaradorligini oshirish uchun kichik sinf tizimini yangilash va qoʻshimcha faoliyat turlarini tashkil etish lozim. Shunga muvofiq davlatimiz rahbari kelgusi yildan boshlangʻich sinflarda yangicha metodika asosida yaratilgan darsliklar boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyilishi haqida gapirdi.

    Bugungi axborot texnologiyalar asrida yoshlarning salohiyati kundan-kunga oshib bormoqda. Ular koʻplab musobaqalar, jahon miqyosidagi olimpiadalar, tanlovlarda faxrli oʻrinlarni egallab kelmoqda. Bu yoshlarimizning ilmiy salohiyati yanada oshganidan dalolat. Ushbu yutuqlarni yanada koʻpaytirish maqsadida iqtidorli oʻgʻil-qizlarga yaratilgan imkoniyatni kengaytirish lozim.

    Yangi yilda talabalar uchun koʻplab imkoniyatlar yaratilib, taʼlim kreditiga ajratiladigan resurslar 2,5 baroba koʻpaytirilib, 1,7 trillion soʻmga yetkazilishi koʻzda tutildi.

    2023-yildan maktab taʼlimida xalqaro oʻqitish dasturlarini amalda qoʻllash nazarda tutildi. Shunga koʻra, yurtimizda bu yil 70 ta yangi maktab qurilishi hamda 460 ta maktab kengaytirilishi ham aytildi.

    Taʼlim sohasidagi yana bir muhim yunalish yoshlarni kasb-hunarga oʻqitishdir. Zero, qoʻlida kasb-hunari bor kishi hech kimga muhtoj boʻlmaydi. Bu xususda kelgusida koʻplab loyihalar amalga oshirilishi va islohotlar oʻtkazilishi ham taʼkidlandi.

    Bundan tashqari, Prezidentimiz oliy taʼlimga ham alohida toʻxtalib oʻtdi. Soʻnggi yillarda oliygohlar soni 2,5 barobar koʻpayib 198 taga yetdi. Biroq taʼlim sifatini oshirish ham muhim vazifalardan biridir.

    Yuqoridagi fikrlardan koʻrinib turibdiki, yurtimizda taʼlim sohasi sezilarli darajada oshishi, avvalo, yoshlarning qoʻlidadir. Bizga berilgan imkoniyatlardan foydalangan holda yurtimiz rivoji va ravnaqiga hissamizni qoʻshsak, ajdodlarimizga munosib farzand boʻla olamiz. Buning uchun esa, eng avvalo, ilm olish, oʻz ustimizda ishlash, yangi gʻoya va innovatsion loyihalarni ishlab chiqishga astoydil bel bogʻlab, harakat qilishimiz zarur. Shundagina oldimizga qoʻyilgan maqsadlarga erisha olamiz.

    Asroriddin SAYDAZIMOV,

    Alisher Navoiy nomidagi

    Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti

    universiteti talabasi