Tarix, arxeologiya va sanʼatshunoslik sohasidagi taniqli olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Edvard Vasilyevich Rtveladze 79 yoshida vafot etdi.

E.Rtveladze 1942-yil 14-mayda Gruziya Respublikasining Borjomi shahrida tugʻildi. 1967-yili Toshkent davlat universitetini tugatib, Sanʼatshunoslik institutida laborant lavozimida mehnat faoliyatini boshladi. 1975-yilda nomzodlik, 1989-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1995-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.

Isteʼdodli olim oʻzining qariyb 60 yillik ilmiy faoliyati davomida Sanʼatshunoslik institutining kichik ilmiy xodimi, katta ilmiy xodimi, boʻlim mudiri hamda Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati ilmiy kengashining raisi lavozimlarida samarali faoliyat koʻrsatib, mamlakatimizda ilm-fan rivojiga munosib hissa qoʻshdi.

Zahmatkash olimning Oʻrta Osiyoning qadimiy va oʻrta asrlar tarixi, arxeologiyasi, numizmatika va epigrafikasi, sanʼati va madaniyati tarixiga bagʻishlangan yuzlab maqola va tadqiqotlari, monografiya va risolalari yurtimiz hamda dunyo olimlari va mutaxassislariga yaxshi maʼlum.

Jonkuyar ustoz sifatida koʻplab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan fidoyi olimning bevosita rahbarligida oʻnlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.

E.V.Rtveladze mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy hayotida ham faol ishtirok etib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi sifatida samarali faoliyat olib bordi.

Akademik E.Rtveladzening mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mukofoti, “Buyuk xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordenlariga sazovor boʻlgan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin va samimiy inson Edvard Rtveladzening xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, B.Yoʻldoshev