Akademik litseylarga qabul boshlandi

    Ta'lim 10 Iyun 2025 1613

    Shu yilning 10-iyun sanasidan 2025/2026-oʻquv yili uchun akademik litseylarga umumtaʼlim maktablarining joriy yil 9-sinf bitiruvchilaridan hujjatlarni my.edu.uz portali orqali onlayn qabul qilish boshlandi.

    Qayd etilishicha, abituriyentlar roʻyxatdan oʻtish jarayonida tizimga ID karta yoki tugʻilganlik haqida guvohnoma maʼlumotlarini kiritish bilan birga quyidagi hujjatlarni elektron shaklda (PDF, JPEG) yuklashlari lozim.

    Nomzodlardan 3,5x4,5 sm oʻlchamdagi 1 ta rangli fotosurat, oʻqishga imtiyozli kirish huquqini beruvchi hujjatlar — fan olimpiadasi gʻolibi ekanligini tasdiqlovchi diplom, chet tili va umumtaʼlim fanlarni bilish darajasi toʻgʻrisidagi milliy yoki xalqaro sertifikat (mavjud boʻlsa) talab qilinadi.

    Abituriyentlar roʻyxatdan oʻtishda oʻzlari tanlagan uchtagacha akademik litseyning bittadan mos yoʻnalishini tanlashi (bunda taʼlim tili bir xil boʻlishi kerak) va qaysi chet tilidan kirish test sinovini topshirishini belgilaydi.

    Abituriyent oʻzi tanlagan hududda tashkil etiladigan kirish test sinovlarida ishtirok etadi. Qabul jarayonlari 10-iyulga (shu kuni ham) qadar davom etadi.

    Qabul jarayonlari bilan bogʻliq qoʻshimcha maʼlumotlarni akademik litseylarda tashkil etilgan “Maslahat markazlari“ yoki Vazirlikning @eduuzuniversalbotʼi orqali olish mumkin.