Akademik Oʻtkir Hasanovich Rasulev

    Mamlakatimizda 6 May 2021 1397

    Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi.

    Fizika sohasi boʻyicha yirik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Oʻtkir Hasanovich Rasulev 82 yoshida vafot etdi.

    Oʻ.Rasulev 1939-yil 11-iyulda Toshkent shahrida tugʻildi. 1961-yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ni tamomladi.

    U oʻz mehnat faoliyatini Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Fizika-texnika institutida stajyor-tadqiqotchi sifatida boshladi, soʻngra Rossiya Fanlar akademiyasining Leningrad shahridagi Ioffe nomidagi Fizika-texnika instituti aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, keyin esa doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1995-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.

    Isteʼdodli olim oʻzining 60 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Rossiya Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutining katta ilmiy xodimi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Elektronika instituti (hozirgi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti)ning laboratoriya mudiri, direktori, Fanlar akademiyasining hayʼat aʼzosi, fizika-matematika fanlari boʻlimi raisi, vitse-prezidenti kabi masʼul lavozimlarda samarali mehnat qildi va yurtimizda fizikaviy elektronika sohasining dolzarb masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qoʻshdi.

    Oʻ.Rasulev – fizikaviy elektronika va qattiq jismlarning sirtqi qismlarining fizik va kimyoviy xususiyatlari boʻyicha yirik mutaxassis, Oʻzbekistonda koʻp atomli zarrachalarning tashqi tomondan ionlashuviga doir yoʻnalishga asos solgan olimlardan biridir. Uning 200 dan ziyod ilmiy maqolalari, 25 dan ortiq ixtiro va patentlari respublikamiz va xorijiy mamlakatlar olim va mutaxassislari oʻrtasida yaxshi maʼlum.

    Atoqli olim mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotida ham faol ishtirok etdi. Xususan, 1996-1999-yillarda Oʻzbekiston Oliy Majlisi deputati sifatida faoliyat koʻrsatib, milliy parlamentarizm asoslarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshdi. Uning bevosita rahbarligida oʻnlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlandi.

    Akademik Oʻ.Rasulev mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnat shuhrati” ordeni va “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan edi.

    Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Oʻtkir Rasulevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

    Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

    A.Aripov, B.Yoʻldoshev