T.Nosirov 1941 yil 25 iyulda Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tug‘ildi. 1963 yilda Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)ni muhandis-elektrik mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Mehnat faoliyatini ushbu oliygohda assistent sifatida boshladi. Keyinchalik institut aspiranturasida tahsil olib, dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2000 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylandi.
T.Nosirov o‘zining 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent davlat texnika universitetining katta o‘qituvchisi, dotsenti, kafedra mudiri, “O‘zbekenergo” atsiyadorlik jamiyati huzuridagi Energetika markazi direktori, Fanlar akademiyasining Energetika muammolari institutida bosh ilmiy xodim kabi mas’uliyatli lavozimlarda samarali faoliyat ko‘rsatib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qildi.
Taniqli olimning elektr energiyasi tizimlarining normal va avariya holatidagi rejimlarini kompleks tahlil usullarini yaratish va umumlashtirish borasidagi ilmiy tadqiqot ishlari mamlakatimiz ilmiy jamoatchiligi tomonidan keng e’tirof etilgan.
T.Nosirovning elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash rejimlarini samarali boshqarish uchun integrallashgan modellarni yaratish, sanoat korxonalarida energiya sarfini o‘rganish va tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish bilan bog‘liq bir qator ilmiy ishlanmalari iqtisodiyot tarmoqlariga muvaffaqiyatli joriy etilgan.
Zahmatkash olimning 300 dan ortiq ilmiy maqolalari, 6 ta monografiyasida mamlakatimizning zamonaviy energetika tizimidagi islohot va modernizatsiya jarayonlari, sohani rivojlantirish istiqbollari atroflicha tahlil etib berilgan.
T.Nosirov ko‘plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq berdi. Uning rahbarligida 5 nafar fan doktori va 10 nafardan ortiq fan nomzodi tayyorlandi.
Taniqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Temurjon Nosirovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, Q.Allayev