“AKD Group” kompaniyasi Namanganda ikki yirik loyihani moliyalashtiradi

    Xalqaro hamkorlik 13 Iyul 2021 1091

    Pokistonning eng yirik moliyaviy konglomerati — “AKD Group” kompaniyasi Namanganda ikki yirik loyihasini boshlaydi.

    Namangan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Pokistonlik investorlar bilan uchrashdi.

    Viloyat hokimligida boʻlib oʻtgan muloqotda “AKD Group” kompaniyasi tomonidan 2 ta yirik loyihalar muhokama qilindi.

    Jumladan, “AKD Group” kompaniyasi va Namangan viloyat hokimligi oʻrtasida Namangan shahrida barpo etilayotgan “Smart City” loyihasini moliyalashtirish boʻyicha muzokaralar boʻlib oʻtdi. Shuningdek, mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha joriy yil 23-30-iyun kunlari viloyat hokimining oʻrinbosari Okibjon Inamov boshchiligidagi delegatsiya Pokiston Islom Respublikasining Lahor va Karachi shaharlariga rasmiy tashriflari davomida kelishilgan va imzolangan loyiha takliflari koʻrib chiqildi.

    Shuningdek, istiqbolda Namanganda tekstil sohasida faoliyat yuritish juda salohiyatli hisoblanadi, biz kelgusi loyihalarimizda tekstil sohasi boʻyicha shartnomalar imzolaymiz, — dedi AKD Group Holdings bosh direktori Nasir Rizwan Hashmi.

    Muloqot davomida mazkur loyihani amalga oshirishni yana-da jadallashtirish, yangi loyihalarda hamkorlikda ish olib borilishi, Pokiston Islom Respublikasining Panjob hamda Namangan viloyatlari birodar viloyatlar munosabatlarini yana-da mustahkamlash va uzoq muddatli hamkorlik munosabatlarini taraqqiy topshirish boʻyicha kelishib olindi, deb xabar beradi Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati.