Akkreditatsiyaning kichik va o‘rta biznes rivojidagi ishtiroki

    Kuni kecha “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” tomonidan Butunjahon akkreditatsiya kuniga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi.

    Har yili 9-iyun kuni Butunjahon akkreditatsiya kuni nishonlanib kelinadi va bu sana ma’lum bir shior ostida o‘tadi. Nufuzli xalqaro tashkilotlar – IAF va ILAK taklifiga ko‘ra bu yil “Akkreditatsiya: Kichik va o‘rta biznes imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida” shiori belgilandi va yil boshidan buyon dunyodagi akkreditatsiya idoralari ushbu shiorga monand ravishda faoliyat olib bormoqda. Xalqaro anjuman mavzusi ham akkreditatsiyaning kichik va o‘rta biznes rivojidagi ishtirokiga bag‘ishlandi.


    O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 50 foizdan ziyodi, ish o‘rinlarining taxminan 74 foizi aynan kichik va o‘rta biznes hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakat iqtisodiyotining yarmidan ortig‘i, sanot va eksportning uchdan biri aynan ushbu sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu sektorni yanada rivojlantirish uchun mamlakatdagi sifat infratuzilmasini takomillashtirib borish zarur.


    Bu o‘rinda xalqaro tajriba ham ahamiyatli. Anjuman ishtirokchilari ILAC va IAF zamonaviy akkreditatsiya sxemalarini shakllantirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda jahon iqtisodiyotiga ishonchni mustahkamlashdagi o‘rni haqida o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildi.


    O’ZAKK direktori o‘rinbosari Sh.Yuldashova O‘zbekiston akkreditatsiya Markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar, akkreditatsiya orqali sifatni ta’minlash: missiya, yutuqlar va yangi rejalar haqida gapirib berdi. Jumladan, 2024 yil davomida Markaz tomonidan 90 ta akkreditatsiya jarayonlari, 440 ta davriy baholash o‘tkazildi.


    Anjumanga kichik va o‘rta biznes vakillari ham taklif etildi. Ular ham o‘z faoliyatlarida akkreditatsiyaning o‘rni, muhimligi va erishgan natijalari borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Ta’kidlash joizki, biznesning halol va eng yuqori darajadagi standartlarga ko‘ra faoliyat yuritishi haqidagi akkreditatsiya tomonidan berilgan hulosa mijozlar va hamkorlar uchun ijobiy signaldir. Bu o‘z o‘rnida kichik va o‘rta biznes vakillari nafaqat yirik korporatsiyalar bilan raqobatga kirishishi, balki respublika eksport saloxiyatiga ijobiy ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.