Prezidentimizning “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa sohasida ofiser kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus fakulteti negizida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va harbiy aloqa instituti tashkil etilgan edi.

Harbiy institutda oʻqish davri ikki yillik boʻlib, 8 ta yoʻnalish boʻyicha taktik boʻgʻindagi ofitser kadrlar tayyorlanmoqda.

Shuningdek, joriy yildan boshlab kiberxavfsizlik fakulteti tashkil qilinib, tarmoq xavfsizligi boʻyicha mutaxassislar ham tayyorlanadi.

AKT vaziri Sh. Shermatov tashrif davomida institutdagi sharoitlar, oʻquv-tarbiya jarayoni, zamonaviy taʼlim vositalari, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qay darajada joriy etilgani bilan tanishdi hamda yuqori AKT malakali harbiy AKT mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha oʻzaro hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildi.

Shu bilan birga, institut talabalari bilan ochiq muloqot oʻtkazib, AKT sohasida olib borilayotgan yangi izlanishlar, yaratilayotgan dasturiy mahsulotlar bilan tanishdi va tayyorlanayotgan dasturiy mahsulotlar boʻyicha oʻz mulohaza va takliflarini aytdi. Aloqa boʻyicha harbiy mutaxassislarni tayyorlashning keng koʻlamli tizimini yoʻlga qoʻyish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.