AKTni rivojlantirish masalalari avstriyalik mutaxassislar ishtirokida muhokama qilindi

    Raqamlashtirish 18 Noyabr 2020 2005

    Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari Abdulla Azizov boshchiligidagi soha vakillari Avstriyaning “AME International GmbH” kompaniyasi xodimlari bilan Sirdaryoda tibbiy sugʻurtani pilot tarzida tadbiq etish maqsadida uchrashuvlar tashkil etishmoqda.

    Ilk uchrashuv jarayonida tomonlar sogʻliqni saqlash sohasida islohotlarni amalga oshirish holati va ularning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qilishdi hamda dastlabki baholash anketasini koʻrib chiqishdi.

    Shuningdek, ekspertlar tomonidan tibbiyot xodimlarining axborot tizimlaridan foydalanishdagi axborot xavfsizligi talablari, raqamli imzodan foydalanish tartiblari va bu boradagi mavjud meʼyoriy hujjatlar oʻrganildi.

    Bundan tashqari, sogʻliqni saqlash tizimida mavjud, qoʻllanilayotgan registrlar, jumladan, tugʻilish va oʻlim holatlarini qayd qilish, “Elektron poliklinika”, “Bemor”, “Elektron hujjat almashish”, “Kadr resurslarini boshqarish” kabi axborot tizimlarining imkoniyatlari va ularni takomillashtirish zaruratlari koʻrib chiqildi.

    Uchrashuv doirasida sogʻliqni saqlash tizimida kelgusi 6 oy davomida amalga oshirilishi zarur boʻlgan loyihalarning mohiyati ham oʻrganildi. Jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infrastrukturasini yangilash, elektron poliklinika va tugʻilish-oʻlimni qayd etish tizimlarini modernizatsiya qilish, tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini oshirish tizimini yaratish hamda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash uchun mobil ilova va xizmatlarni yoʻlga qoʻyish kabi loyihalar keltirib oʻtildi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.