Al-Azhar universiteti delegatsiyasi bilan Senatda uchrashuv boʻldi

    Joriy yil 9-sentyabrda Senatda Al-Azhar universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Unda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilgani alohida qayd etildi.

    Muloqot davomida ikkala mamlakatning taniqli islomshunos olimlari, yetuk mutaxassislari, din sohasi vakillari ishtirok etayotgan “Oʻzbekistonda ayollar huquqlariga oid islom taʼlimoti meʼyorlarini oʻrganishning nazariy-tadbiqiy jihatlari” mavzusidagi oʻquv seminariga toʻxtalib oʻtildi.

    Jumladan, seminar xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, oila institutini mustahkamlash borasida amaliy takliflarni ilgari surish, tavsiyalar ishlab chiqish hamda ijobiy tajribalarning hayotga tatbiq etilishiga xizmat qilishi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Qayd etish joizki, BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi Al-Azhar universiteti bilan xotin-qizlarning huquqlarini, salomatligini taʼminlash, taʼlim olish, mehnat bilan shugʻullanish va jamiyat hayotida faol ishtirok etish masalalari bilan koʻp yillik hamkorlikka ega.