Eslatib oʻtamiz, 2021-yil iyun oyida “Yuksalish” umummilliy harakati poytaxt hokimligi huzuridagi jamoatchilik kengashi va Oʻzbekiston ekologik qurilish kengashi bilan hamkorlikda Chilonzor tumanida joylashgan Al-Xorazmiy maydonini qayta tiklash boʻyicha yosh arxitektor-dizaynerlar uchun tanlov eʼlon qilgandi. Maqsad — buyuk allomaning butunjahon merosini hamda matematika fanini ommalashtirish.

Tanlov ishtirokchilaridan “matematiklar bogʻi”ning landshaft dizayni konsepsiyasini taklif etish soʻralgandi. Natijalarga koʻra, “Insard Architects” arxitektura byurosi gʻolib deb topildi va ularga “Yuksalish” UMHning 10 million soʻm miqdoridagi pul mukofoti taqdim etildi.

Konsepsiyada nafaqat Al-Xorazmiyning merosini va matematikani ommalashtirishga, balki anʼanalar bilan zamonaviy tendensiyalar va texnologiyalarning uygʻunlashuviga ham urgʻu berilgan. Landshaft dizaynida maydon hududidagi daraxtlarni hamda oʻziga xos xususiyatlarini saqlab qolish nazarda tutilgan. Sport va bolalar maydonchalarini, amfiteatr va tomoshabinlar uchun, interfaol va maʼruza uchun hududlarni barpo etish rejalashtirilgan.

Al-Xorazmiy maydonini qayta tiklashning dastlabki bosqichini amalga oshirish uchun mablagʻlarning bir qismi (900 million soʻm) konsepsiyani openbudget.uz tashabbusli byudjetlashtirish platformasiga joylashtirish orqali olindi. Ushbu mablagʻlar qurilish ishlarining buyurtmachisi sifatida faoliyat yurituvchi va barcha zarur tartib-qoidalarni amalga oshiruvchi Chilonzor tumani hokimligining hisob raqamiga kelib tushdi. Loyihani, shuningdek, xalq deputatlari shahar Kengashining Chilonzor va Uchtepa tumanlaridan saylangan deputatlari ham qoʻllab-quvvatlayapti.

“Yuksalish” umummilliy harakati qoshidagi “Shaharsozlik toʻlqini” tashabbusi faollari poytaxt hokimligi huzuridagi jamoatchilik kengashi vakillari bilan birgalikda Al-Xorazmiy maydonini rekonstruksiya qilishning barcha bosqichlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.