Alibaba.comda Oʻzbekiston milliy pavilyoni ishga tushdi

    Biznes 22 Sentabr 2022 1890

    XXRda nufuzli elektron savdo tarmogʻi Alibaba.comda Oʻzbekiston Milliy pavilyonining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Milliy pavilyonidan 50dan ortiq mahalliy kompaniyalarning 4 800dan ziyod mahsulotlari oʻrin olgan. Ular orasida yurtimiz charm-poyabzal korxonalarining mahsulotlari ham mavjud.

    Bugungi kunda 300 dan ortiq eksportyor korxonalar xorijga 4 000 nomdagi mahsulotlarni yetkazib beryapti. Oʻzbekistonning yirik marketpleysga kirishi yana 200 dan ortiq korxonalarning eksport faoliyati bilan shugʻullanishiga va xorijga yuborilayotgan mahsulotlar turini 1 000 taga koʻpaytirish imkonini beradi.

    Maʼlumot uchun: Alibaba.com — bu Xitoyning yirik elektron tijorat platformasidir. Uning yillik daromadi 106 milliard dollarni tashkil etadi. Asosiy faoliyati kompaniyalar va V2V oʻrtasida chakana savdolarni onlayn tashkil etishdan iboratdir. MDH davlatlari orasida Oʻzbekiston Rossiya va Qozogʻistondan soʻng Alibaba.comda ochilgan uchinchi pavilyondir.

    Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, Oʻzbekiston charm-poyabzal sanoati korxonalarining ommabop onlayn savdo maydonchasiga kirishi eksport hajmini qoʻshimcha 50-80 million dollarga oshiradi. Poyabzal, charm buyumlar, moʻynali kiyimlar eksporti geografiyasini kengaytiradi. Ulgurji va chakana savdo korxonalari, shuningdek, 190 ga yaqin xorijiy davlatlarning bevosita isteʼmolchilari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri savdo aloqalarini oʻrnatish orqali mahsulotlarni tez va oson sotishga xizmat qiladi.

    Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston charm-poyabzal va moʻynachilik korxonalari mazkur maydonchaga oʻz mahsulotlarini joylashtirish ishlarini boshlagan. Oʻzbekistonlik tadbirkorlarga platformadan foydalanish, savdolarni amalga oshirish boʻyicha Xitoyning Alibaba.com kompaniyasining xodimlari amaliy koʻmak koʻrsatyapti, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.