Aliment toʻlashdan qochib yurgan ota yertoʻladan topildi

    Farzandi moddiy taʼminotidan boʻyin tovlab yurgan qarzdor yashash xonadonining “yertoʻlasi”dan topildi.

    Bu haqda Majburiy ijro byurosi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Gap shundaki, Chortoq tumanida yashovchi fuqaro M.M turmush oʻrtogʻi bilan ajrashib ketadi. Sudning hal qiluv qaroriga koʻra, undiruvchi V.N foydasiga 1 nafar farzandi uchun har oyda aliment toʻlash belgilanadi. Mazkur hujjat Byuroning Chortoq tuman boʻlimi ish yurituviga kelib tushgan hamda ijro harakatlari olib borilgan.

    Qarzdor ota alimentni toʻlamaslikni oʻziga kasb qilib, voyaga yetmagan farzandlari uchun mablagʻni qizgʻandi. Qarzdorlik 20 mln soʻmdan ortib ketdi. Ustiga ustak ishlash maqsadida Toshkent shahriga borib, “berkinib” yurdi. Oxir-oqibat unga nisbatan davlat ijrochisi tomonidan qidiruv eʼlon qilindi.

    Boshqarma inspektorlari huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari bilan hamkorlikda topish chorasini olib borishdi. Bu natija berib, Toshkent shahridan yashash xonadoniga kelgani maʼlum boʻldi. Lekin, ammo, biroq.... xodimlar olingan tezkor maʼlumotlarga koʻra yashash xonadonga borishganda, oila aʼzolari uni kelmaganini bildirishdi.

    Noiloj, xonadon yashash joylari puxta koʻzdan kechirilganda, “yertoʻla”ga yashirinib olgani aniqlandi.

    Belgilangan tartib boʻyicha qidiruvdagi shaxs davlat ijrochiga topshirildi. Kuni kecha jinoyat ishlari boʻyicha Chortoq tuman sudi tomonidan qarzdor ota tegishli jazoni oldi. Unga nisbatan, 15 sutkalik maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

    MIB axborot xizmati rahbari F.Toshpulatovning taʼkidlashicha, aliment toʻlovidan qarzdor boʻlgan qidiruvdagi 4 mingdan ortiq fuqarolar haqidagi maʼlumotlar MIB (www.mib.uz) rasmiy saytida joylashtirilgan.