Majburiy ijro byurosining maʼlum qilishicha, oilaviy kelishmovchiliklar tufayli ajrashgan ota-onalarning baʼzilari sobiq turmush oʻrtogʻiga jahl qilib farzandlari taʼminoti uchun aliment toʻlashga oʻrniga turli bahonalar oʻylab topadilar. Bu esa, albatta, bolalarning huquqlarini poymol qiladi. Ammo Sharof Rashidov tumanida alimentdan qarzdor bir otaning miyasiga antiqa fikr keldi.
Sudning qarzdor L.M. dan bir nafar farzandining taʼminoti uchun undiruvchi O.L. foydasiga aliment undirish belgilangan ijro hujjati byuroning Sharof Rashidov boʻlimi ish yurituviga kelib tushgan. Biroq, u majburiyatini bajarmay, 4 million soʻm qarzdor boʻlib qolgan.
Aliment toʻlamaslikning huquqiy oqibatlarini tushungan ota, farzandini taʼminlash bilan bir vaqtda sobiq turmush oʻrtogʻining qiynalishini astoydil xohlagan. Shu sababli, u 4 million soʻm qarziga mos ravishda — 10, 50, 100, 500 soʻmlik tanga pullarni yigʻib, shaxsan undiruvchi qoʻliga qarzdorlik evaziga topshirmoqchi boʻlgan.
Biroq, davlat ijrochilari tangalarni bank xodimlari bilan hisob-kitob qilib, qarzdor va davlat ijrochisi hamrohligida aliment oluvchi onaning bank plastik kartasiga bank orqali tushirib bergan.








