Majburiy ijro byurosi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, alimentni oldindan toʻlash boʻyicha rekord yana yangilandi! Toshkentlik ota 3 nafar farzandining oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan taʼminoti uchun salkam 2 mlrd soʻmlik alimentni oldindan toʻlab qoʻydi.
Vazirlar Mahkamasining 06.10.2018-yildagi 808-sonli qaroriga asosan aliment mablagʻlarini 5-yildan kam boʻlmagan muddatga yoki farzandlari 18 yoshga toʻlguniga qadar boʻlgan jami qiymatini oldindan toʻlash huquqi ayrim qarzdorlarga xorijga chiqishi uchun yaxshi imkoniyat yaratdi.
Sudning shu yil 14-avgustdagi ijro varaqasiga asosan qarzdor Sh.A.dan undiruvchi Sh.G. foydasiga voyaga yetmagan 3 nafar farzandi taʼminoti uchun ular 18 yoshga toʻlguniga qadar aliment undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjati shu yilning 5-sentyabrda Byuroning Uchtepa tuman boʻlimi ish yurituviga kelib tushgan va shu kunning oʻzida ijro ishi qoʻzgʻatilgan.
Qarzdor farzandlarining taʼminoti uchun ular voyaga yetguniga qadar boʻlgan aliment miqdorini oldindan toʻlab berish istagini bildirgan.
Shundan soʻng, taraflar tomonidan kelishuv tuzilib, bitim sud tomonidan tasdiqlangan, unga koʻra, qarzdor Sh.A. oʻziga tegishli boʻlgan jami 1 mlrd 825 mln 137 ming soʻmga baholangan 2 ta noturar joy obyektini aliment hisobidan oʻtkazib berdi va ijro hujjati amalda tamomlandi.