Alimentni vaqtida toʻlash kerak, aks holda...

    Ijtimoiy hayot 2 Iyun 2021 1408

    Majburiy ijro byurosi Davlatobod tuman boʻlimi tomonidan voyaga yetmaganlarning huquq manfaatlarini himoya qilish, aliment mablagʻlarni oʻz vaqtida undirib berishga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Oʻz oʻrnida farzandi moddiy taʼminotidan boʻyin tovlaganlarga sudlar bilan hamkorlikda tegishli choralar koʻrilmoqda.

    Fuqaro I.T. dan undiruvchi F. T. ning foydasiga 2 nafar farzandi uchun aliment undirish belgilangan. Ijro hujjati Byuroning tuman boʻlimi ish yurituviga olingan va alimentni oʻz vaqtida toʻlab borishligi ogohlantirilgan. Biroq, bu masʼuliyatni unutgan otaning alimentdan qarzdorligi joriy yilning may holatiga 12.546.553 soʻmni tashkil etadi. Bu boʻyicha toʻplangan hujjatlar sudga yuborildi va unga nisbatan 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

    Byuroning tuman boʻlimi ish yurituviga olingan fuqarolik ishlari boʻyicha Namangan tumanlararo sudining qarori bilan M.N. dan D.M. foydasiga 1 nafar farzandi uchun aliment undirish koʻrsatib oʻtilgan. Biroq, ota ham aliment toʻlashni oʻrniga turli bahonalar bilan farzandi moddiy taʼminotini bajarmay keldi. Qarzdorlik salkam 13 mln. soʻmga yetadi. Sayyor sud davomida bu boʻyicha toʻplangan hujjatlar koʻrib chiqildi va qarzdor otaga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

    Ilhomjon Qodirov,
    MIB Davlatobod tuman boʻlimi boshligʻi