Ma’lum qilinishicha, muzeyda amalga oshirilayotgan ishlar muassasa faoliyatini tugatish yoki madaniy merosga zarar yetkazishga emas, balki noyob qo‘lyozmalar, arxiv hujjatlari va boshqa eksponatlarni zamonaviy sharoitlarda saqlash, ularni raqamlashtirish hamda kelajak avlodlarga bekamu ko‘st yetkazishga qaratilgan.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 20 maydagi 234-F-sonli farmoyishiga muvofiq, Yangi Toshkent shahrida barpo etilayotgan muzeyning yangi binosi foydalanishga topshirilgunga qadar fond materiallari vaqtincha boshqa muassasalarga ko‘chirilmoqda.

Xususan, muzey fondidagi qo‘lyozma va toshbosma manbalar, shuningdek, «O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi» fondi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga, boshqa muzey eksponatlari esa Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga vaqtincha saqlash uchun joylashtiriladi.

Fanlar akademiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil 9 iyun kuni muzeyning 847 ta noyob qo‘lyozmasi belgilangan tartibda Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus saqlash xonalariga ko‘chirilgan. Ayni paytda ularni vaqtincha saqlashga oid hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

Shuningdek, hozirga qadar 1 491 ta toshbosma manba, 439 ta papkadagi fotonusxalar, 145 ta papkadagi plyonka va negativlar hamda 1 million 416 ming 512 ta hujjatdan iborat «O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi» fondi birlamchi xatlovdan o‘tkazilgan.

Hozirda muzey tomoshabinlar va tadqiqotchilar uchun vaqtincha yopilgan bo‘lsa-da, muassasa xodimlari o‘z xizmat vazifalarini davom ettirmoqda. Muzey eksponatlarini xatlovdan o‘tkazish ishlari izchil olib borilmoqda.

Fanlar akademiyasi barcha jarayonlar qonunchilik talablari asosida, mas’ul mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilayotganini ta’kidlab, jamoatchilikni ijtimoiy tarmoqlardagi asossiz xabarlarga emas, rasmiy ma’lumotlarga tayanishga chaqirdi.