Ulugʻ shoir oʻzining sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalarni, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam oʻrin egalladi.
2020-yil 19-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori bobomiz xotirasiga koʻrsatilgan yuksak ehtirom namunasi boʻlib, bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Qaror ijrosi doirasida Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining Oʻzbek mumtoz adabiyoti tarixi boʻlimi tomonidan toʻrt jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” nashrga tayyorlandi.
Yozuvchilar uyushmasida kitobning taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbek tili, adabiyoti va folklor instituti direktori N.Mahmudov, Yozuvchilar uyushmasi raisi S.Sayyid, Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari N.Xolboʻtayev, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori G.Rixsiyeva, Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori O.Davlatov va boshqalar soʻzga chiqdi.
Ushbu toʻrt jildlik nashr 1985 sahifa, 3 mingdan ortiq ensiklopedik xarakterdagi maqolalarni oʻz ichiga oladi. Unda Alisher Navoiyning tarjimayi holi, faoliyati, yaqinlari, doʻstlari, ustozlari, Navoiyning mumtoz adabiyotimiz tarixida tutgan beqiyos oʻrni xususida atroflicha maʼlumotlar qamrab olingan.
Ensiklopediyaga yurtimiz va jahon kutubxonalarida saqlanayotgan Navoiyning qoʻlyozma va toshbosma kitoblari kiritilgan. Shu bilan birga, haykaltaroshlik, teatr, kinoda mutafakkir siymosini aks ettirilishiga oid maqolalar jo boʻlgan. Toʻplamda 78 nafar oʻzbekistonlik navoiyshunoslar, yosh tadqiqotchilar, turkiyalik va ozarbayjonlik olimlarning mavzuga oid maqolalarini ham oʻqish mumkin.
Toʻrt jildlik kitob Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan “Oʻzbekiston” nashriyotida 1000 nusxada chop etildi. Soʻzga chiqqanlar bu singari kitoblar shoir ijodini mukammal oʻrganishda dasturulamal vazifani oʻtashi va davlat tilining nufuzi va mavqeyini oshirishda oʻziga xos oʻrin tutishini taʼkidlashdi.
“Alisher Navoiy ensiklopediyasi” tegishli taqsimot asosida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, yurtimizdagi barcha kutubxonalarga bepul va begʻaraz asosda tarqatilishi koʻzda tutilgan.
Nodir Mahmudov