Alisher Navoiy va Bobur merosi — beqiyos ma'naviy xazinadir

    Mana oradan besh asrdan ortiq vaqt o'tibdiki ulug' mutafakkir bobolarimiz, so'z mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning boy ma'naviy merosi butun dunyoni hayratga solib, insonlar qalbiga, ongu shuuriga ezgulik, insonparvarlik, saxovat va mehr-muruvvat nurini taratib kelmoqda. Shu kunlarda yurtimizda Alisher Navoiy tavalludining 581 hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligi keng nishonlanmoqda.

    Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasida “Boqiy ma'naviy meros” mavzusidagi o'tkazilgan adabiy-badiiy anjuman ham Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bag'ishlandi.

    Tadbirda boshqarma boshlig'i I.Abdusattorov har ikki ijodkor dunyo adabiyoti tarixida juda katta o'rin tutishini, xalqparvar davlat arbobi sifatida jamiyatda tutgan yuksak mavqei jihatidan ham, ilm-fan, madaniyat va san'at, adabiyot ahliga ko'rsatgan homiyligi jihatidan ham o'xshashi yo'q siymo ekanligini, ular bugun o'zbek xalqining milliy iftixoriga, adabiy, ma'naviy kamolot timsoliga aylanganligini ta'kidladi.

    Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi, navoiyshunos olim Burobiya Rajabova Alisher Navoiy va Boburning shoir shaxsi va ijodi bilan bog'liq ma'lumotlarni ishtirokchilarga e'tiboriga havola etar ekan, Navoiyning ijodini o'rganish va ilmiy tahlili bo'yicha so'nggi yillarda qator taniqli tadqiqotchilar ish olib borayotganligini, bugungi kunda ham uning ijodiy merosi ko'pgina olimlarimizni ilhomlantirib kelayotganligini, ma'naviyatimiz asoslarini esa buyuk bobomizning bebaho merosidan ayro tasavvur etib bo'lmasligini aytib o'tdi.

    O'z o'rnida Bobur buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda sifatida aql-zakovati va shijoati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solganligi, o'zbek tilida yozilgan “Boburnoma”, “Mubayyin”, “Xatti Boburiy”, “Harb ishi”, Musiqa sirlari”, “Qofiya ilmi” kabi asarlari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan joy olganligi to'g'risidagi fikrlarini bildirdi.

    Navoiy va Boburning hayoti va ijodini o'rganar ekanmiz, ular umri davomida xalqqa xizmat qilib, bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlarida shaxsiy ibrat ko'rsatganini yanada yorqinroq bilib olamiz. Ular barcha asarlarida ana shu ezgu g'oyalarni targ'ib etdi.

    Xalqimiz ma'naviy dunyosining yuksalishiga ulkan hissa qo'shgan ikki buyuk shaxs – Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Davlat xizmatlari markazi xodimlari, ijodkor yoshlar ishtirok etib, ikki ijodkorning hayoti, faoliyati, ijodiy merosi xususida o'zaro fikr almashishdi.

    Tadbirda Navoiy va Bobur ijodidan namunalar yoddan aytilib, Toshkent viloyati Maqom ansambli ishtirokchilari ijrosida kuy-qo'shiqlar ijro etildi.

    DXA Toshkent viloyati boshqarmasi

    matbuot xizmati