Alkogol va giyohvand moddalar isteʼmoli yiliga 3,2 million kishining oʻlimiga sabab boʻlmoqda

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining yangi hisobotiga koʻra, spirtli ichimliklar isteʼmoli yiliga 2,6 million kishining umriga zomin boʻlmoqda. Bu dunyodagi barcha oʻlim holatlarining 4,7 foiziga teng.

    Shuningdek, yana 600 ming odamning hayotdan erta koʻz yumishi psixoaktiv moddalar qabul qilish bilan bogʻliq.

    Tahlillarda keltirilishicha, hozir Yer yuzi aholisining qariyb 400 million nafari alkogol va giyohvand moddalar isteʼmol qilishdan aziyat chekmoqda. Ulardan 209 million nafari spirtli ichimliklarga qaram boʻlib qolgan. Oqibat va asoratlar esa ayanchli.

    Masalan, 2019-yilda alkogol bilan bogʻliq oʻlimning taxminan 1,6 millioni yuqumli boʻlmagan kasalliklar, jumladan, 474 mingtasi yurak-qon tomir va 401 mingtasi saraton xastaliklari tufayli sodir boʻlgan.

    Taxminan 724 ming kishi jarohatlar, xususan, yoʻl-transport hodisalari, oʻz-oʻziga zarar yetkazish va shaxslararo zoʻravonlik natijasida vafot etgan. Yana 284 ming kishi yuqumli kasalliklar qurboniga aylangan.

    Spirtli ichimliklar bilan bogʻliq oʻlim holatlarining eng yuqori ulushi, yaʼni 13 foizi 20-39 yoshdagi aholi qatlamiga toʻgʻri kelgan.

    Jahon boʻyicha 15-19 yoshli oʻsmirlarning 23,5 foizi spirtli ichimliklar isteʼmol qiluvchilardir. Ularning katta qismi Yevropa mintaqasi (45,9 foiz) hamda Shimoliy va Janubiy Amerika (43,9 foiz)da yashaydi.

    Shundan kelib chiqib, JSST hukumatlarni 2022-2030-yillarga moʻljallangan alkogolga qarshi global harakat rejasini amalga oshirish boʻyicha saʼy-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi.