Maʼlumki, mazkur Qonun Senatning yigirma yettinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan rad etilib, Qonun boʻyicha yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Oliy Majlis palatalari tomonidan kelishuv komissiyasi tuzilgan edi.
Kelishuv komissiyasining aʼzolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, taklif va eʼtirozlar eʼtiborga olinib, Qonunchilik palatasi tomonidan Qonun tasdiqlangan.
Qonun bilan alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash boʻyicha bir qancha yangiliklar kiritilishi kutilyapti.
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash, ularning salbiy taʼsirini profilaktika qilishning davlat tomonidan kafolatlanishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu boisdan alkogol va tamaki mahsulotlari, tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalarining yigirma bir yoshga toʻlmagan shaxslarga realizatsiya qilish va ushbu shaxslar tomonidan realizatsiya qilinishi, alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish jarayoniga ushbu shaxslarni jalb etish taqiqlanadi. Ushbu yosh chegarasi amaldagi Qonunga nisbatan uzaytirilyapti.
Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi organlar safi kengaytirilyapti va ularning sohadagi vakolatlari aniq belgilanyapti.
Bundan tashqari, alkogol va tamaki mahsulotlari, shuningdek tamaki hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalarining realizatsiya qilinishiga doir cheklovlar ham kiritilyapti.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.