20-39 yoshdagi odamlar orasida barcha oʻlimning taxminan 13,5 foizi alkogol isteʼmoli bilan bogʻliq. Har 6 soniyada tamakidan taxminan bitta odam, har yili 65 000 bola ikkilamchi tamaki tutuni taʼsiriga bogʻliq kasalliklardan halok boʻladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklashning huquqiy asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi tadbirda shu haqda soʻz yuritildi., deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati. Tadbirda “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasidagi normalar atroflicha koʻrib chiqildi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishga tayyorlanmoqda.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasida qator qonun va normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan boʻlsa-da, ularning amaliyotda ijro etilish holati qoniqarli darajada emas. Amaldagi qonun hujjatlarida tamaki mahsulotini realizatsiya qilish yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Lekin kundalik hayotda bunday mahsulotning chakana savdosi bilan aksariyat holatlarda yakka tartibdagi tadbirkorlar noqonuniy shugʻullanmoqda.

Tadbirda qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan alkogol va tamaki mahsulotlari, tamaki va nikotin isteʼmol qilish uchun moslamalarni realizatsiya qilishga doir cheklovlar kengaytirilmoqda. Xususan, bunday mahsulot va moslamalarni yigirma bir yoshga toʻlmagan shaxslarga va yigirma bir yoshga toʻlmagan shaxslar tomonidan savdo avtomatlari orqali, elektron tijorat shaklida (mahalliy koʻpiklanadigan va tabiiy vinolar bundan mustasno), sayyor va tarqatma (qoʻlda, lotoklarda, savatchalarda, qoʻl aravachalarida) savdo yoʻli bilan, masofaviy sotish usulida, turgʻun savdo obyektlaridan tashqarida, dorixonalarda, bolalar uchun tovarlarni realizatsiya qilishga moʻljallangan xonalarda, bolalar oʻyinchoqlari, konfetlar yoki bolalar uchun moʻljallangan boshqa tovarlariga oʻxshatib ishlangan boʻlsa, isteʼmol oʻrovida yigirma donadan kam sigareta boʻlsa realizatsiya qilishni taʼqiqlash koʻzda tutilmoqda.

— Qonun loyihasi bilan alkogol va tamaki mahsulotlari, tamaki va nikotin isteʼmol qilish uchun moslamalarni sotayotgan sotuvchi koʻrinishi yigirma yoshdan kichik koʻringan xaridordan uning shaxsi va yoshini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatishni talab qilishi, hujjat mavjud boʻlmagan taqdirda esa, bunday mahsulotlar va moslamalarni sotishni rad etishi shartligi belgilanmoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova.

Qonun loyihasida alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish mumkin boʻlmagan jamoat joylarining aniq roʻyxati koʻrsatilib, chekish uchun ajratilgan maxsus joylarga minimal talablar belgilanmoqda. Ushbu qoidalarning ijro etilishini taʼminlash uchun masʼul shaxslar majburiyatlari aniqlanmoqda. Alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining majburiyatlari belgilanmoqda. Tamaki mahsulotining isteʼmol oʻroviga (qutisiga) tibbiy ogohlantirishlarni joylashtirish uchun ajratilgan maydon yuzasi 40 foizdan 65 foizga oshirilmoqda.