Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Toʻrtkoʻl tumanida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Tezkor tadbirda mamlakatimiz hududidan tranzit tarzida harakatlanayotgan «Xoʻjand-Volgograd» yoʻnalishidagi poyezd yoʻlovchilaridan biri yonidagi 48 dona plastik idishda, jami 72 litr aroqni vagondan tashqariga uloqtirib yuborgani fosh qilindi.
Rejaga koʻra, aroq Volgogradga yetib borish uchun moʻljallanmagan, aksincha moʻmay daromad evaziga Oʻzbekiston hududida tushirib qoldirilishi va sheriklar tushirib qoldirilgan joydan aroqlarni olib ketishi koʻzlangan edi.
Shuningdek, tezkor kuzatuvga olingan ushbu yoʻlovchi poyezdi «Raushan» va «Kunxoʻja» temir yoʻl bekatlari oraligʻida kimsasiz choʻl boʻylab harakatlanayotganda poyezd kuzatuvchilari tomonidan kutilmaganda favqulodda toʻxtash tugmasi orqali toʻsatdan toʻxtatiladi.
Aslida hech qanday favqulodda holat sodir boʻlmagan edi. Atrofda hech kim yoʻqligiga ishonch hosil qilgan vagon kuzatuvchilaridan biri 150 dona plastmassa idishdagi 225 litr hajmdagi aroqlarni respublikamiz hududiga tushirib qoldirish uchun poyezdni ataylab toʻxtatgan edi. Ushbu shaxs aroqlarni vagondan tushirayotganda tezkor xodimlar tomonidan qoʻlga olindi.
«Qoraqalpogʻiston» temir yoʻl chegara bojxona postida aniqlangan holatda esa, yoʻlovchilardan biri yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining ogʻzaki soʻrovida maʼlum qilinmagan har biri 1 litrlik 40 shisha viskini oʻrindiq ostiga, shuningdek, koʻrpa va yostiq jildlari ichiga yashirgani aniqlandi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.