Alla aytgan yetar murodga

    “Esingizdami, oyi, siz ukamga alla aytardingiz. Men allaning ohangiga mast boʻlib uxlab qolardim. Oʻsha beshikda men ham yotganman. Allangizdan men ham orom olganman”.

    Bir muqaddas koʻshiq borki, u butun dunyo onalari dilidan tiliga koʻchgan. Sevimli yozuvchimiz Oʻtkir Hoshimov yozganidek, dunyoning istalgan burchagida jaranglaydigan, tarjima qilinmasa ham tushuniladigan qoʻshiqdir alla! U qaysi tilda aytilmasin, chaqaloq vujudiga ilohiy bir ozuqa kabi ona suti bilan qoʻshilib singadi.

    Eʼtiborli jihati shundaki, alla bilan bola nafaqat jisman va qalban orom oladi, balki uning ongi rivojlanib ham boradi. Alla necha ming yillik qadriyatimiz sifatida milliyligimizning oʻzagi, koʻrki, bebaho namunasi boʻlib qolaveradi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2021-yil 26-fevral kuni kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi bayoni hamda tegishli topshiriqlar ijrosini taʼminlash, qadimiy xalq qoʻshiqlari, urf-odatlari, marosimlar va anʼanalarni oʻrganish, yoshlarning alla ijrochiligi sanʼatiga boʻlgan qiziqishini kuchaytirish hamda yangi iqtidorli havaskor ijrochilarni kashf etish, ularning sanʼatini keng targʻib qilish maqsadida Madaniyat hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirliklari hamkorligida “Alla aytgan yetar murodga” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi.

    Koʻrik-tanlovning respublika bosqichi Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida boʻlib oʻtdi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan jami 7 ta jamoa va 34 nafar yakka ishtirokchi xalq qadimiy allalari, bastakorlar tomonidan bastalangan zamonaviy allalar, xirgoyi allalar hamda teatrlashtirilgan urf-odat va anʼanalarni oʻz ichiga olgan tomosha dasturlari bilan qatnashdi. Institut faollar xonasi tom maʼnoda beshikka aylandiyu, barcha tomoshabinlar uzoq va davomli ijro etilgan allalar sehridan bola kabi orom oldilar.

    Yakuniy natijalarga koʻra, “Eng yaxshi mualliflik asar ijrochisi” nominatsiyasi boʻyicha fargʻonalik N.Mahsudova, “Eng yoshi ulugʻ alla ijrochisi” yoʻnalishida surxondaryolik Z.Mamatqulova, “Eng yaxshi marosim ijrochisi” nominatsiyasida andijonlik Z.Abdiyeva gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, “Hududga xos eng yaxshi alla ijrochisi” nominatsiyasida Qashqadaryoning “Oydinoy” jamoasi, “Eng yosh alla ijrochisi” yoʻnalishida Toshkent viloyatining “Koʻzmunchoq” bolalar jamoasi gʻolib boʻldi.

    Koʻrik-tanlovning III darajali diplomiga navoiylik F.Nurjonova, II darajali diplomiga Qoraqalpogʻistonning “Miyros” jamoasi, oliy sovrin — Gran-priga esa buxorolik Z.Murodova loyiq koʻrildi.

    — Bugungi koʻrik-tanlovda alladek jozibali milliy qadriyatimiz turli koʻrinishda oʻzining sehrini yana-da yaqqol namoyon etganidan gʻururlanib ketdim, — deydi tanlov sovrindorlaridan biri Feridigul Nurjonova. — Agar gʻolib boʻlmaganimda ham mana shunday ajoyib tanlovda qatnashganimdan hech afsuslanmas edim.

    Madaniyat vazirligining madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy metodik markazi boʻlim boshligʻi Moʻminmirzo Xolmoʻminov tanlov taassurotlari bilan oʻrtoqlashar ekan, bunday dedi:

    — Koʻrik-tanlov kutganimizdan ham koʻtarinki ruhda oʻtdi. Negaki, faqat ishtirokchilarni kutgan edik. Ammo olislardan boʻlsa-da, tanlovga kelganlar soni yuzdan oshib ketdi. Bu, albatta, xalqimizning milliyligimizga, muqaddas allamizga boʻlgan yuksak hurmati belgisidir. Bunday koʻrik-tanlovlarni muntazam davom ettirish kerak. Zero, boʻlajak onalarimizning maʼnaviyatini oʻstira olsak, butun millat maʼnaviyatini yuksaltirishga erishishimiz osonroq boʻladi.

    Soʻzimiz nihoyasida yana Oʻtkir Hoshimovning alla haqidagi quyidagi jumlalarini yodga olishni joiz topdik: “Esingizdami, oyi, siz ukamga alla aytardingiz. Men allaning ohangiga mast boʻlib uxlab qolardim. Oʻsha beshikda men ham yotganman. Allangizdan men ham orom olganman”.

    Munojat Rahimjon qizi,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri