Allergiya mavsumi oldidan xalqaro trening tashkil etildi

    Salomatlik 15 Sentabr 2021 1076

    11-13-sentyabr kunlari Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Xalqaro molekulyar allergologiya markazi tomonidan “Allergen-spetsifik immunoterapiya asoslari 1-xalqaro maktabi” nomi ostida trening tashkil etildi.

    Bu darslar butun respublika boʻylab allergolog-shifokorlarni birlashtirdi.Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Namangan, Fargʻona, Samarqand viloyatlaridan kelgan shifokorlar sohaning yetuk mutaxassislarining maʼruzalarini tingladilar, amaliyotlarida uchraydigan turli masalalarni muhokama qildilar.

    Trening Xalqaro molekulyar allergologiya markazining xalqaro konsultantlari, jumladan Gruziya allergologiya va klinik- immunologiya Assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, professor Maya Gotua, Avstriya Molekulyar allergologiya va immunologiya xalqaro universiteti asoschisi va vitse prezidenti, professor Viktoriya Garib hamda markazning klinik rahbari Gulnora Jambekova tomonidan olib borildi. Uch kunlik darslar allergologiyaning bugungi kundagi asosiy muammolari va ularga xalqaro maydonda taklif etilayotgan yechimlar haqidagi taqdimotlari bilan yanada foydali boʻldi.

    Trening davomida quyidagi muammolar muhokama qilindi:

    - Allergik kasalliklarning patogenezi va ularning molekulyar tasnifiga asoslangan zamonaviy allergik vaksinalarning taʼsir mexanizmi;
    — Allergen-spetsifik immunoterapiyani bolalar va kattalarda qoʻllash uchun bemorlar personalizatsiyasi;
    — Allergen-spetsifik immunoterapiya uchun zamonaviy preparatlarni qoʻllash va klinik protokollar.
    “Bu kabi treninglar nafaqat hududlardan kelgan shifokorlar uchun, balki biz uchun ham foydali boʻldi, – deydi Xalqaro molekulyar allergiya markazi klinik direktori Gulnora Jambekova. – Turli hududlardan kelgan allergologlarning turli xil bemorlari haqida eshitib, shuni tushundikki, Oʻzbekiston iqlim sharoitiga qarab allergiya turlari ham oʻzgarib boraveradi. Masalan, quruq iqlim sharoitida yashovchi odamlarni chang va bosimga nisbatan allergiya koʻproq bezovta qilsa, vodiyda yashovchi aholi, hasharotlar jumladan, asalari chaqishidan katta zarar koʻradi. Toshkentda, misol uchun, asalari chaqishi vodiydagichalik katta reaksiya berganini koʻrmaganmiz”.

    Uch kun davom etgan trening ishtirokchilarga katta taassurot va koʻnikmalar berdi. Tadbir yakunida yigʻilganlarga sertifikatlar tortiq qilindi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.