Prezidentimizning 2022-yil 9-iyundagi qaroriga asosan, maʼrifatparvar olim, Sharq va Gʻarb tillarining bilimdoni Isʼhoqxon Ibratning yorqin xotirasi hamda nomini abadiylashtirish, Namangan viloyatida xorijiy tillarni mukammal egallagan, chuqur bilimga ega, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash maqsadida Toʻraqoʻrgʻon tumanida Chet tillar instituti tashkil etilgan edi. Oliy taʼlim muassasasi sifatida eʼtirof etilgan taʼlim dargohi Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar instituti sifatida yuridik shaxs maqomini oldi. Xalqaro baholash dasturlari (PISA, TALIS, PIRLS)dan foydalangan holda oʻqitishning zamonaviy shakllari hamda metodlarini joriy etish, yuqori bilim va koʻnikmalarga ega, oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy pedagog kadrlarni tayyorlash institutning asosiy yoʻnalishlaridan.
Shunga asosan, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab OTMning 9 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 5 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha abituriyentlar qabul qilindi. Ayni paytda 500 ga yaqin yigit-qiz birinchi kursni muvaffaqiyatli tamomladi. Qisqa muddatda Italiyaning Piza, Sannio, Kalabriya universitetlari, Janubiy Koreyaning Xankuk chet tillar universiteti, Rossiyaning Udmurt davlat universiteti, Ruminiyaning Oradiya universiteti, Qirgʻizistonning Oʻsh davlat universiteti, Oʻsh texnologiya universiteti, Polshaning Transport va logistika xalqaro universiteti, Nsa amaliy fanlar universiteti, Torundagi Nikolas Kopernikus universiteti, Ostrava universiteti va Toshkent fransuz alyansi bilan memorandumlar imzolanib, akademik va ilmiy hamkorlik, oʻqituvchi va talabalar almashinuvi boʻyicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, Malayziyaning menejment va ilm-fan universiteti, Turkiyaning Adiyaman, Kastamonu, Gulisim universitetlari, Ispaniyaning Xavula universiteti va Hindistonning Ingliz va chet tillar universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolash rejalashtirilgan.
Institut oʻquv jarayonida talabalarga zamonaviy pedagogik texnalogiyalar asosida sifatli taʼlim berilishiga alohida eʼtibor qaratilgan. AQSHning “Fulbrayt” dasturi doirasida xorijlik mutaxassislar jalb etilib, institutda talabalar uchun mashgʻulotlar, professor-oʻqituvchilar uchun seminar-treninglar tashkil qilindi.
Namangan davlat chet tillar institutini tamomlagan mutaxassis ikki tilli kvalifikatsiya diplomiga ega boʻladi. Yaʼni taʼlim olgan yoʻnalishi doirasidagi xorijiy tilga qoʻshimcha ravishda ikkinchi til ham mukammal oʻrgatiladi. Bu asosida bitiruvchi har ikki til boʻyicha keyingi faoliyatini davom ettirish imkoniyatiga ega boʻladi. Mazkur tajriba boʻlgʻusi kasb egasining mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini taʼminlaydi. 2023/2024 oʻquv yilidan abituriyentlar tanlov qamrovi oshirildi. Koreys, xitoy, yapon, arab, fors tillari, shuningdek, kompyuter lingivistikasi taʼlim yoʻnalishlariga hujjatlar qabul qilindi. Magistratura bosqichida badiiy tarjima (ingliz tili), sinxron tarjima (ingliz tili) mutaxassislarini tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Barcha yoʻnalishlarda oʻqiyotgan talabalar sifatli bilim olishi uchun axborot-resurs bazasi xorijiy oʻquv, badiiy va ilmiy adabiyotlar bilan boyitilayotir.
Prezidentimiz qarorida institutga 1 000 oʻrinli yangi oʻquv binosi va 400 oʻrinli talabalar turar joyini qurish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan zarur yer uchastkasi ajratilishi belgilangan edi. Mazkur topshiriq ijrosining amaliy ifodasi sifatida Davlatobod tumanidagi Yangi Namangan shaharchasida 5 gektar maydon ajratildi. Yaqinda Namangan davlat chet tillar institutining yangi oʻquv binosi, axborot-resurs markazi va faollar zali, talabalar turar joyi, oshxona, ochiq va yopiq koʻrinishdagi sport majmuasi qurilishi uchun viloyat hokimi boshchiligida qator tashkilotlar rahbarlari, ilm ahli, OAV xodimlari va yoshlar ishtirok etgan tadbirda tamal toshi qoʻyildi. Qurilish ishlari uchun tender oʻtkazilib, davlat byudjetidan umumiy hisobda 100 milliard soʻm ajratilgan. Loyiha ikki yilga moʻlljallangan boʻlib, birinchi qismi 365 kun oraligʻida tayyor holga keltirilishi hamda 2024-yil 1-avgust kuni foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Institutning ayni paytda foydalanilayotgan binosi va inshootlarida rekonstruksiya hamda jihozlash jarayoni ketmoqda. Isʼhoqxontoʻra Ibratga hurmatning yorqin ifodasi, shuningdek, yoshlarning ulugʻ vatandoshimiz merosini oʻrganish, unga munosib izdosh boʻlishga intilishini oshirish maqsadida uning nomi bilan ataluvchi OTM, ijod maktabi, majmua va xiyobon, “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi bugun bir hududda jamlandi.
Isʼhoqxontoʻra Ibratning kelajakka mustahkam ishonch, millat ruhiyatiga koʻtarinkilik baxsh etuvchi gʻoyalari hozir ham amaliy ahamiyatini yoʻqotmagan. Olim olamda yuz berayotgan integratsiya jarayonini tubdan anglab, millat bu oʻzgarishlarga tayyor turmasa, ilm, xorijiy til va texnikani oʻrganmasa, dunyo sahnidagi oʻrnini yoʻqotib qoʻyishi mumkinligini oʻsha davrdayoq anglay olgan. Ibrat orzu qilgan intiluvchan, har sohada bilimdon, fidoyi yoshlar esa bugun yurtimizning yorugʻ kelajagini barpo qilish yoʻlida sabot bilan mehnat va ijod qilmoqda.
Xalqimiz, xususan, yoshlarning xorijiy tillar, axborot texnologiyalarini oʻzlashtirishi uchun qilinayotgan saʼy-harakatlar aynan Ibrat orzu qilgan kunlarga yetib kelganimiz, Vatanning buyuk istiqboli uchun hozirdan tamal toshi qoʻyilayotgani, ayniqsa, bu islohotlar keng koʻlamda olib borilayotganining yaqqol tasdigʻidir. Bugungi islohotlar Isʼhoqxon Ibratga ehtirom, qolaversa, uning nomi bilan ataluvchi dargohdan mamlakatimiz shuhratini olamga koʻproq tanitadigan, bilim va tafakkuri boy yoshlar yetishib chiqishiga zamin yaratadi.
Poʻlatxon LUTFULLAYEV,
Namangan davlat chet tillar instituti
ryektori vazifasini bajaruvchi