Biror viloyatga zarur qo'ng'iroqni amalga oshirmoqchi bo'lsangiz, bog'lana olmay "Alo-o, Buxoro-o" deb xunob bo'lsangiz, eng avval aloqa operatorlariga "rahmat"lar yog'dirasiz. Sezganingizdek, bu safar Buxoro viloyatida aloqa operatorlarining ishlashi bo'yicha monitoring natijalarini tahlil qilamiz. Demak, boshladik!
Buxoro tumani
15 ta mahalladan tashkil topgan tumanning mobil aloqa holati afsuski, havas qilarli darajada emas, faqatgina “Galaosiyo ” va “Do'stlik” mahalla fuqarolar yig'inida barcha kompaniya aloqa holati talabga javob beradi. Ammo qolgan 13 ta mahallada aloqaning darajasi past.
Kogon tumani
Tumanliklar mobil aloqa sifatidan yolchimagan ko'rinadi. Ammo “Beklar” va “Istiqbol” mahallalarida Ucell aloqa operatori a'lo darajada ishlaydi. Ammo qolgan mahallalarda sifat darajasini oshirish lozim.
UZMOBILE ham har qalay ikkita, “Beklar” va “O'ba cho'li” mahallalarida ishlab turipdi, qolganida esa mavjud emas.
BEELINE kompaniyalari esa hech bir mahallada aloqaga chiqmaydi.
MOBIUZ aloqa operatori “Xo'ja yakshaba” mahallasiga beminnat xizmatda-yu, qolganlariga qo'l siltab qo'ygandek.
Kogon shahar
Aniqlanishicha, 6 ta mahalladan tashkil topgan ushbu mo'jaz shahar hududidagi mahallalarda PERFECTUM mobil aloqa operatori mutlaqo mavjud emas.
«Maxtumquli» mahallasida UZMOBILE , BEELINE , UCELL aloqa operatorlari tomonidan mijozlarga ko'rsatilayotgan xizmat qoniqarsiz holatda.
«Boburshox» mahallasida MOBIUZ, UCELL aloqa operatorlaridan tashqari barcha kompaniya xizmatlari talab darajasida emas.
«Amirabot» mahallasi hududida esa faqatgina MOBIUZ ishlash sifati yuqori, qolgan aloqa xizmatlari mutlaqo sust.
«Zirabod» mahallasi hududida esa BEELINE ning ishlashi talab darajasida emas.
«Beruniy» mahallasida BEELINE va UCELL mobil aloqa operatorlari faoliyati sifatini oshirishi zarur.
«Turon» hududida esa barcha mobil aloqa kompaniyalari xizmatlari sifatsiz ekanligi kuzatildi.
Jondor tumani
Turli asabbuzar qo'ng'iroqlardan xunob bo'lganlar uchun Jondor tumani juda maqbul joy. Sababi 7 ta mahallaning hech birida aloqa holati yaxshi emas!
Olot tumani
Bu hududdagi holat birmuncha mo'tadil. Ishlamaydigan aloqa kompaniyasidan ko'ra ishlaydigani ko'proq. Ammo a'lo deb ayta olmaymiz. Sababi, “Kirlishon” va “Xalqobot” MFY (mahalla fuqarolar yig'ini)da MOBIUZaloqa operatoriga umuman ulanishning imkoni yo'q.
UCELL esa tumanliklarning ko'nglidan joy olgani aniq. CHunki deyarli barcha mahallada holat maqtagulik.
“Nurobod”, “Pikochki”, “Davlatboy”, “Oqoltin”, “Ma'rifat” va “Jayhunobot” mahallalarida UZMOBILE aloqa holati sust.
PERFECTUM esa 38 ta mahallaning 21 tasida yaxshi ishlaydi qolganlarida talabga javob bermaydi.
BEELINE esa faqat 8 ta MFY da qoniqarli emas. Qolganlarida ishlab turipdi.
Qorako'l tumani
Qorako'lliklarning mobil aloqalardan ko'ngli to'q. Barcha mahalladagi aloqa muvofiq tarzda yo'lga qo'yilgan.
SHofirkon tumani
35 ta mahalladan iborat ushbu ulkan tumanda PERFECTUM va MOBIUZ aloqa operatorlarining mutlaqo ishlamasligidan kompaniyaning o'zi xabardormikin degan tabiiy savol tug'iladi? Agar siz ushbu kompaniyalardan birining mijozi bo'lsangiz SHofirkonga tashrifingiz unchalik ham ko'ngildagidek bo'lmaydi deb qo'rqamiz.
G'ijduvon tumani
Bu tumanda ham shu ahvol. PERFECTUM G'ijduvonliklarni ham chetlab o'tgan ko'rinadi. Hech bir mahallada aloqa yo'q. MOBIUZ esa deyarli tumanning yarmiga xizmat ko'rsatmaydi (20 ta MFY dan 11 tasida mavjud emas). Qolgan kompaniya mobil aloqalari harqalay tuzuk.
Romitan tumani
Romitanliklar ham PERFECTUM ning bepisandligidan xursand emas. 49 ta mahalladan tashkil topgan tumanning 31 tasida aloqa yo'q. Sanoqli uchta mahallada yaxshi ishlaydi. Ammo qolganlarida sust. MOBIUZ esa uchta mahallada mavjud emas. Qolganlarida harqalay bor.
UCELL iloji boricha romitanliklarni rozi qilishga urinyapti, deyarli barcha mahallada aloqa mavjud. Ammo “yanada yaxshirog'ini ” kutib qolamiz. Qolgan kompaniyalar ham sifatga e'tibor qaratishlari zarur.
Peshku tumani
“Toshmachit” va “Urganjiyon” mahalla fuqarolar yig'inida UZMOBILE va MOBIUZ yaxshi ishlamaydi. PERFECTUM esa mavjud emas. Qolganlari esa talabga javob beradi.
Qorovulbozor tumani
4 ta mahallani o'z ichiga olgan bu ixcham hududda deyarli hech bir kompaniya aloqasi yaxshi ishlamaydi.
Bunday holatlarga balki xalqimiz ko'nikib qolgandir. Ammo, befarqlik va atrofdagi narsalarga xotirjam munosabatda bo'lish taraqqiyotning aynan kushandasi hisoblanadi. Mobil aloqa kompaniyalaridan esa vazifasiga nisbatan yanada vijdonan yondashishini kutib qolamiz.
Aziza Xo'jakeldieva,
O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilsish jamiyatlari federatsiyasi bosh mutaxassisi