Uni Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, SAWERWORLD Buyuk Britaniya, Amerika Qoʻshma shtatlari Tinchlik instituti, Oʻzbekiston ichki ishlar vazirligi Probatsiya xizmati hamda “Istiqlol avlodi” ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy qoʻllab-quvvatlash markazi va Respublika “ISTIQBOLLI AVLOD” ijtimoiy-axborot markazi hamkorlikda tashkil etdi. Tadbirda asosiy eʼtibor 2021 — 2026-yillarga moʻljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish yuzasidan “Yoʻl xaritasi”ning ijrosini taʼminlash masalalariga qaratildi.

Taʼkidlandiki, Taraqqiyot strategiyasida belgilab olingan asosiy vazifalar ijrosini amalga oshirishda “Barcha saʼy-harakatlar inson qadri uchun” degan ustuvor gʻoya asosida inson omili, uning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlashga katta eʼtibor berilmoqda. Qolaversa, shu kunlarda yurtimizda olib borilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarda ham aholimiz tomonidan inson manfaatlari har narsadan ustuvorligi, uning ezgu orzu-umidlarini, oilalar mustahkamligini, yurtimizda tinchlik, barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladigan bir qator takliflar bildirilmoqda.

Qayd etish kerakki, mamlakatimizda olib borilayotgan mazkur jarayonlarda nodavlat notijorat tashkilotlari oʻzlarining ijtimoiy loyihalari bilan faol ishtirok etmoqda. Xususan, eng chekka, olis hududlarda aholi turmush sifatini yaxshilashga yoʻnaltirilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda mahallalarda “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila aʼzolarining bandligini taʼminlash, yoshlar va ayollarning muammolarini oʻrganish, qolaversa, turli tazyiqqa uchragan aholi qatlami bilan ishlash, jinoyat sodir etishga moyil, maʼmuriy va probatsiya nazoratiga olingan hamda yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolgan shaxslarning ijtimoiylashuvini taʼminlash borasida amalga oshirayotgan ishlari diqqatga sazovor.

Davra suhbatida soʻz olgan soha vakillari mazkur masalalarda yurtimizda erishilgan tajribalarga ham alohida toʻxtalib oʻtdilar. Jumladan, Jizzax, Namangan va Toshkent viloyatlarida NNTlar tomonidan mahalla faollari, davlat tashkilotlari va tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda hududlarda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarni oldini olish, fuqarolarni qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa yoshlar va ayollar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olishda jamoatchilik bilan oʻzaro hamkorlikni mustaxkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda mustahkam fuqarolik pozitsiyasi va oʻzlikni shakllantirish borasida ijtimoiy loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda.

Ushbu loyihalar doirasida shu kunga qadar aholi huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda ekstremizmga va boshqa salbiy illatlarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, mahallalarda jinoyatchilikni oldini olish borasida 4 ming dan ortiq xotin-qizlar hamda yoshlar qamrab olindi. Ilgari sudlangan, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan va ichki ishlar organlari profilaktik hisobida turuvchi oilalar vakillari, ayollar, odam savdosidan jabrlangan, oilada tazyiq va zoʻrovonlikka uchragan shaxslar va ularning oila aʼzolari boʻlgan jami yuzdan ortiq fuqarolar maxsus ishlab chiqilgan reabilitatsiya va moslashtirish dasturlarida qatnashdi.

Birgina Jizzax viloyatida mahalla fuqarolari yigʻinlari kafilligida NNT vakillaridan tarkib topgan ishchi guruhlari tashabbusi bilan 18 nafar ayollar va yoshlarga oʻz tadbirkorligini boshlashi uchun jami 312 mln. 500 ming soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. 22 kishi doimiy ish bilan taʼminlandi, 24 nafar fuqaro bepul tibbiy yordam oldi, 13 nafar yoshlarga 0,5 – 1,0 gektargacha dexqonchilik faoliyatini yuritish uchun ekin yerlari ajratildi hamda 37 nafar fuqaroning turli yoʻnalishdagi bepul kasbiy taʼlim olishi uchun imkoniyat yaratib berildi.

Shuningdek, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda yoshlar va xotin qizlarni kasbiy mahoratga ega boʻlishini taʼminlash maqsadida tikuv sexlari tashkil etilib, 100 dan ortiq opa-singillarimiz kasb-hunarga oʻqitilgan boʻlsa, 47 nafar ayollar va yoshlar doimiy ish bilan taʼminlandi.

Davra suhbatida mazkur loyihalarni respublika boʻylab davom ettirish, hududlarda huquqbuzarlik profilaktikasi samaradorligini oshirish, ijtimoiy sheriklik asosida loyihada ishtirok etuvchi ishchi guruh vakillarini oʻqitish, yoʻnalishga oid vazirlik va idoralarni jalb qilish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida tavsiyalar ishlab chiqildi. Shuningdek, xorijiy tashkilot vakillari ishtirokida jamoat xavfsizligi yondashuvlari va jamoatchilikka yoʻnaltirilgan harakatlar rejalari ijrosining Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi hamda jamoat xavfsizligini taʼminlashda davlat idoralari va tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, jamoat birlashmalari, fuqarolar va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik rejalari ham atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari shoʻbalarga boʻlingan holda muhokama etilgan mavzular yuzasidan oʻz taqdimotini tayyorlashdi va tadbir soʻnggida taqdim etishdi. Tadbirda shuningdek, probatsiya xizmati nazorati ostidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish, jamiyatga moslashtirish, ularga kasb-hunar oʻrgatish va bandligini taʼminlash boʻyicha joylardagi NNTlar bilan hamkorlikda ish tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston ichki ishlar vazirligi Probatsiya xizmati hamda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi oʻrtasida memorandum imzolandi.